XXR mudofaa vazirligi e'lon qilgan bayonotga ko‘ra, AQSh va Filippin harbiy kuchlarining janubiy Xitoy dengizida hamkorlikda patrullik amaliyotini o‘tkazishi, ushbu hudud barqarorligini izdan chiqarishi mumkin.
"Bu holat, mintaqada harbiy tayyorgarlik jarayoni kuchayishiga turtki berishi tufayli, tinchlik va barqarorlikka salbiy ta'sir ko‘rsatadi", - deb bayonotdan iqtibos keltiradi Sinxua axborot agentligi.
"Mamlakat qurolli kuchlari vaziyatni diqqat bilan kuzatib, Xitoyning hududiy suvereniteti va ushbu dengizdagi manfaatlarini qat'iy ravishda himoya qiladi", -deyiladi mudofaa vazirligi bayonotida.
14 aprel kuni AQSh mudofaa vaziri Eshton Karter mamlakat qurolli kuchlari Filippin bilan hamkorlikda Janubiy Xitoy dengizida patrullik qilishini bildirgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Amerikaning Filippindagi Klark harbiy havo kuchlari bazasiga AQShdan 300 nafar harbiy xizmatchi, bir nechta jangovar samolyot va vertolyotlar tashlangan.
Xitoy bir necha o‘n yillardan beri, Janubiy Xitoy dengizidagi qator orollarga egaligi borasida mintaqa mamlakatlari bilan tortishib keladi. Bunga ushbu orollar shelfida yirik miqdorda zaxiraga ega neft konlari ochilgani sabab bo‘lmoqda.
Mazkur mintaqadagi hududiy ziddiyatda, Vetnam, Bruney, Malayziya va Filippin ham o‘z manfaatlarini talab qilmoqda.