Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi 6 bolalar musiqa va san'at maktabida 200 dan ortiq yoshlar xalq cholg‘u asboblari, fortepyano, an'anaviy xonandalik, teatr san'ati, an'anaviy sozandalik, tasviriy va amaliy san'at sirlarini o‘rganmoqda. Bu haqda “O‘zA” xabar beradi.
O‘quv xonalari, tasviriy san'at, zargarlik, haykaltaroshlik ustaxonalari hamda 200 o‘rinli konsert zali zamonaviy jihozlangan. Maktabda 40 ga yaqin pedagog yoshlarning iste'dodini yuzaga chiqarish uchun bilim va mahoratini ishga solmoqda. Ulardan biri Xurshida To‘raqulova 2015 yili O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida Prezidentimiz farmoniga muvofiq, “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.