Jangovar harakatlar barham topgach, Suriyani qayta qurishga kamida 150 milliard dollar talab etiladi. Bu raqam eng yomon holatda 180 milliard dollargacha ko‘tarilishi mumkin. Jahon banki rahbari Jim Yon Kimga tayangan holda MarketWatch shu haqda xabar qilmoqda.
Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Jahon bankining Vashingtonda ish boshlagan bahorgi qo‘shma majlisi chog‘ida ma'ruza qilgan Yon Kim Suriyaga ko‘rsatiladigan moliyaviy yordam neft barreli 100 dollar bo‘lgan vaqtdagiga qaraganda kamroq bo‘lishi mumkinligidan xavotirini bildirgan.
"Chunki, Damashkqa ko‘rsatiladigan yordamlar asosan, neft eksporti bilan shug‘ullanuvchi mintaqa davlatlari tomonidan berilar edi. Endilikda, ularning o‘zlari ham, davlat byudjyetlarida tanqislikni his etishmoqda", -degan Jim Yon Kim.
Jahon banki — ko‘ptomonlama kredit muassasasi bo‘lib, bir nechta moliyaviy institutlardan tashkil topgan. Ularning asosiy maqsadi rivojlanayotgan davlatlarda turmush darajasini yuksaltirishdan iborat. Taraqqiy etgan davlatlar ushbu tashkilot vositasida zaif iqtisodiyotli davlatlarga qo‘shimcha moliyaviy mablag‘lar bilan yordam beradi.
Jahon bankining har bir zayomi, hukumatlar tomonidan kafolatlanishi yoki aniq loyihaga yo‘naltirilishi lozim. Ushbu tashkilot bilan hamkorlik qilishning ustunlik jihati, foiz stavkalarining yuqori emasligida hisoblanadi.