Bugun YeChL va Yevropa Ligasi yarimfinaliga qur'a tashlanadi

Sport 10:11 / 15.04.2016 1792

Yevropa chempionlar ligasi 1/2 finaliga qur'a tashlash marosimi bugun Toshkent vaqti bilan soat 14:30da Shveytsariyaning Non shahrida boshlanadi.

Eslatib o‘tamiz, musobaqada g‘olib chiqish uchun "Atletiko", "Real", "Bavariya" va "Manchester "Siti" klublari kurashni davom ettirmoqda. O‘tgan yilgi mavsumda ham "Real" va "Bavariya" turnir yarimfinalida ishtirok etishgan, lekin "Yuventus" va "Barselona" jamoalaridan yengilishgandi.

"Atletiko" oxirgi marta YeChL yarimfinalida 2014 yilda ishtirok etgan, o‘shanda jamoa "Chelsi"ni yengib finalga chiqqan va Madridning boshqa bir jamoasi "Real"ga o‘ying qo‘shib berilgan daqiqalarda o‘tkazib yuborilgan gol tufayli mag‘lub bo‘lgandi.

"Manchester Siti" esa o‘z tarixida ilk marta turnirning bu bosqichiga yetib keldi.

Yarimfinal juftliklari "ko‘r qur'a" asosida aniqlanadi. Bunda Ispaniya klublari bir-birlariga duch kelib qolishi mumkin. Shuningdek, Xosep Gvardiolaning hozirgi ("Bavariya") va bo‘lg‘usi ("Manchester Siti") jamoalari yarimfinalda uchrashishlari mumkin.

Qaysi yarimfinal g‘olibi finalda rasmiy mezbon bo‘lishi ham qur'a yo‘li bilan aniqlanadi.

Chempionlar ligasi yarim final uchrashuvlari 26-27 aprel va 3-4 may kunlari bo‘lib o‘tadi. Final 28 may kuni Milandagi "San-Siro" stadionida bo‘lib o‘tadi.

Toshkent vaqti bilan soat 15:30dan boshlab Yevropa ligasi yarimfinali qur'a tashlash marosimi boshlanadi va xuddi YeChLdagi format asosida o‘tkaziladi.

14 aprel oqshomida o‘tkazilgan chorak finalning javob uchrashuvlaridan keyin Ispaniyaning "Vilyarreal" va "Sevilya" jamoalari hamda Angliyaning "Liverpul" va Ukrainaning "Shaxtyor" jamoalari yarimfinalga chiqishdi.

Yevropa Ligasining yarim final o‘yinlari 28 aprel hamda 5 may kunlari o‘tkaziladi. Yevroliga finaliga 18 may kuni Shveytsariyaning Bazel shahridagi "Sankt-Yakob Park" stadioni mezbonlik qiladi.

Ko‘proq yangiliklar: