«Atletiko» jamoasi sport ishlari direktori Xose Luis Kaminero YeChLning yarim finali uchun tashlangan qur'adan keyin o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi. Qur'aga ko‘ra, madridliklar jamoasi «Bavariya» bilan final yo‘llanmasi uchun kurashadi.
«Biz yevrokuboklar tarixidagi eng sovrindor jamoalardan biriga qarshi o‘ynashimiz kerak bo‘ladi. Keyingi yillarda «Bavariya» doimiy ravishda YeChLning yarim finaliga chiqib kelishgan. Bizni jiddiy to‘qnashuv kutmoqda. Lekin eng yuqoriga chiqishni istar ekanmiz, eng kuchlilarni yengib o‘tishimiz talab etiladi.
Gvardiola Ispaniya futbolini yaxshi biladi. Qolaversa, uning jamoasida ispaniyalik futbolchilar ham bor – Xavi Martines, Xabi Alonso, Bernat, Tiago Alkantara – biz ham ularni juda yaxshi bilamiz.
«Bavariya»da mukammal tarkib yig‘ilgan, har bir futbolchi individual mahoratga ega. Juda qiyin bo‘ladi, lekin biz hamisha bo‘lgani kabi jang qilamiz», – degan Kaminero.
Qur'adan oldinroq «Atletiko» jamoasi prezidenti Enrike Sereso o‘z intervyusida «Bavariya» jamoasiga raqib bo‘lishni kutayotgani haqida aytgandi. Lekin amalda bu jamoalar yarim finalda o‘zaro bahs olib borishadigan bo‘ldi.
«Men istaymanki, bu bosqichda «Bavariya»ga qarshi o‘ynashni. Men 42 yil oldingi mag‘lubiyat uchun o‘ch olinishini istayman (1974 yilda Chempionlar Kubogi finalida «Bavariya» va «Atletiko» 1:1 hisobida durang o‘ynashgan, ikkinchi uchrashuvda esa myunxenliklar madridliklarni 4:0 hisobida tor-mor qilgan – tahririyat)», degandi Sereso.