Vaqtinchalik bir martalik ish bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi guvohnoma olish uchun fuqaro tomonidan Vaqtinchalik bir martalik ish bilan ta'minlash markaziga murojaat qilinadi. Bu haqda Toshkent shahar Mehnat boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Jaloliddin Abdusattorov ma'lumotiga asoslanib, “Darakchi” nashri xabar bermoqda.
Vaqtinchalik ishlash guvohnomasini olish uchun markazga ariza, asl nusxa ko‘rsatilgan holda pasportning nusxasi, 3x4 sm. o‘lchamli to‘rtta fotosurat, belgilangan shakldagi so‘rovnoma, shuningdek, Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga respublikaning boshqa mintaqalaridan keladigan va vaqtinchalik bir martalik ishlarga yollanadigan fuqarolar turgan joyi bo‘yicha hisobga olish to‘g‘risidagi qayd varag‘ini ham taqdim qilishlari kerak.
Vaqtinchalik bir martalik ish bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi guvohnoma amaldagi barcha hujjatlar taqdim etilgandan keyin ikki ish kuni mobaynida beriladi. Guvohnoma muddati olti oydan ortiq bo‘lishi mumkin emas.