Putin rossiyaliklar bilan 14-marta ochiq muloqot quradi

Jahon 09:40 / 14.04.2016 1232

14-aprel kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin «Vladimir Putin bilan bevosita muloqot» ko‘rsatuvi orqali mamlakat aholisi bilan aloqaga chiqadi va rossiyaliklarning savollariga javob qaytaradi.

Odatda Rossiya xalqi davlat rahbariga ijtimoiy-iqtisodiy masalalardagi savollar, ya'ni, komunnal xizmatlar sohasidagi muammolar, turar joy va yo‘llardagi ahvol masalalarida murojaat qiladi.

Prezident o‘z navbatida, amaldorlarga muayyan topshiriqlar beradi yoki ayrim holatlarda fuqarolar muammolarini shaxsan o‘zi hal qiladi.

Ko‘rsatuv dasturi an'anaviy tarzda 14 yildan buyon amalga oshiriladi. 2011 yilgacha preziden xalq bilan kuz yoki qish (asosan dekabr oyida) fasllarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilgandi. 2012 yildan buyon aprel oyi tanlanadigan bo‘ldi.

Translyatsiya Moskva vaqti bilan kunning qoq yarmida boshlanadi, uni “Pervyy”, “Rossiya 1”, “Rossiya 24” kanallari, “Mayak”, “Vesti FM” va “Radio Rossii” radiokanallari efirga uzatadi.

Prezidentning chiqishini internet saytlarida maxsus dasturlar orqali kuzatish, Rossiya Ijtimoiy kanalida kar-soqovlar uchun tarjima vositasida tinglash imkoni bo‘ladi.

Dastur studiyasiga siyosatchilar, jamoat arboblari va mashhur telesyujyet qahramonlari taklif etiladi. Ular Putinga to‘g‘ridan to‘g‘ri savol berishlari mumkin bo‘ladi.

Bundan tashqari, mamlakatning turli hududlarida tashkil etilgan ko‘chib yuruvchi studiyalar orqali aholi davlat rahbariga to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat qila oladi.

Suhbat qancha davom etishi ma'lum emas. Rekord davomiylik 2013 yili qayd etilgan, o‘shanda prezident aholi bilan 4 soatu 48 daqiqa davomida muloqot qilgan.

Prezidentning matbuot kotibi Dmitriy Peskovning ma'lum qilishicha, «Vladimir Putin bilan bevosita muloqot»ga savollar yuborayotgan rossiyaliklarni milliy valyuta kursi tashvishga solmaydi.

«Aholining aksar qismi ushbu masala yuzasidan xavotirlanmaydi, deyish mumkin. Yuzminglab murojaatlar bu fikrimga isbotdir. Bu masalani narx-navoning ko‘tarilishi, maoshlarning berilishi kabi jiddiy savollar qatoriga qo‘shib bo‘lmaydi», — degan Dmitriy Peskov.

Ayni vaqtda aholi murojaatlarini qabul qilish ishlari davom etmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: