Kolumbiyada ichida 6 tonna kokain bo‘lgan suvosti kemasi qo‘lga olindi

Jahon 14:58 / 14.04.2016 1172

Kolumbiya hududiy suvlarida qo‘lga olingan suvosti kemasi bortidan 5,8 tonna kokain musodara qilingan.

Terra Colombia nashri xabariga ko‘ra, giyohvand moddalar kontrabandasiga qarshi maxsus amaliyot respublika va AQSh harbiy dengiz kuchlari tomonidan o‘tkazilgan.

Suvosti kemasi Ekvador chegarasidan 250 dengiz mil (463 km) uzoqlikda, Tinch okeani hududida tutib olingan.

«Kemani 4 kishi, 3 nafar kolumbiyalik va bir meksikalik boshqargan», — deb Kolumbiya harbiy dengiz kuchlari ma'lumotini keltiradi INFO7 portali. Ularning barchasi hibsga olingan.

26 mart kuni AQSh bojxona nazorati va chegara xizmati xodimlari Tinch okeani sohillarida halokatga uchrayotgan suvosti kemasini aniqlashgan edi. Kichik suvosi kemasi salkam 200 million dollarlik 5,5 tonna kokainni ko‘tara olmay, suvga g‘arq bo‘layotgan vaqtda qutqarildi. Bortdagi ekipaj a'zolari qo‘lga olingan.

2015 yilning iyul oyida amerikaliklarning sa'y-harakati bilan Salvador sohillari yaqinida bortida 7,65 tonna kokain olib ketayotgan kema qo‘lga olingan edi. Noqonuniy yuk qiymati bir necha yuz million dollarga baholangandi. Giyohvand moddalar kontrabandasida gumon qilingan 4 kishi qo‘lga olingan.

The Independent nashrining yozishicha, 2015 yilda Amerika dengiz qo‘riqlash xizmati xodimlari kokain kontrabandasiga qarshi 200ga yaqin amaliyotda qatnashgan. Amaliyotlar davomida 96 tonna giyohvand modda musodara qilingan edi.

Ko‘proq yangiliklar: