Tadqiqot: Smayllar tushunmovchilikni keltirib chiqarishi aniqlandi

Fan-texnika 19:56 / 13.04.2016 3500

Minnesota universitetining bir guruh olimlari smayllar bir xil va har xil platformadagi smartfon foydalanuvchilari o‘rtasidagi muloqotda tushunmovchilikni keltirib chiqarishini aytishdi. Bu haqida GroupLense tadqiqot guruhining rasmiy saytida xabar berildi.

Olimlar tushunmovchilikka olib keluvchi smayllarni aniqlash uchun tadqiqot ostidagi bir guruh qatnashuvchilarga piktogrammalarni -5 dan (qat'iy salbiy his-tuyg‘ular) 5 gacha (qat'iy ijobiy his-tuyg‘ular) baholashni so‘rashgan.

Har xil platformadagi foydalanuvchilarning muloqotida eng ko‘p tushunmovchilikni keltirib chiqaruvchi smayl – “kulib ko‘zlari qisiq bo‘lgan yuz” emodzisi bo‘lib chiqdi.

Shunisi ma'lum bo‘ldiki, Apple qurilmalari foydalanuvchilari xursand bo‘lish smaylini yuborishganda, Microsoft, LG va boshqa kompaniya qurilmalarini foydalanuvchilari ularni “chalkashtirish” hissiyotini yuborishmoqda, deb o‘ylashar ekan.

Shu yo‘l orqali tadqiqotchilar bir necha boshqa mashhur smayllarni ham tekshirib ko‘rishdi. Ularning ko‘pchiligi barcha platformalar foydalanuvchilari tomonidan to‘g‘ri qabul qilinar ekan, ammo xali ham bir qanchasida tushunmovchilik mavjud.

Masalan, “uxlayotgan yuz”, “qattiq yig‘layotgan yuz”, “ko‘zini yumib va og‘zini ochib kulayotgan yuz” va “ko‘z yoshi bilan kulayotgan yuz” kabi smayllar tushunmovchilik hosil qilgan.

Tadqiqotchilar emodzilar muloqotning mashhur vositalaridan biri bo‘lsa-da, ularga juda ham ishonish kerak emas, degan qarorga kelishdi.

Shuningdek, tadqiqot qatnashuvchilari bir xil platformadagi piktogrammalar uchun turli baholarni ham berishgan.

Olimlarning fikriga ko‘ra, bu muammoning ikki yechimi mavjud. Birinchidan, Unicode konsorsiumi yangi piktogrammalarga aniq ta'rif berishlari lozim. Ikkinchidan, dasturiy ta'minot ishlab chiqaruvchilar smayllarni o‘xshash yoki bir xil chizishlari shart.

Ko‘proq yangiliklar: