Enrike: Menda «Atletiko»ga qarshi o‘yin mavsumdagi eng muhimi bo‘ladi degan his yo‘q»

Sport 17:08 / 13.04.2016 1074

«Barselona» jamoasi bosh murabbiyi Luis Enrike YeChLning chorak finalida «Atletiko»ga qarshi kechadigan javob uchrashuvidan oldingi fikrlarini bildirib o‘tdi.

«Bu o‘yinga boshqa barcha chorak finallariga bo‘lgani kabi munosabatda bo‘laman. Menda hozir bu mavsumning eng muhim o‘yini bo‘ladi degan hissiyot yo‘q. Bizda avvalgi uchrashuvdagi g‘alaba tufayli ma'lum ustunlik bor va biz Madridda ham g‘alaba uchun o‘ynaymiz. Chunki, o‘yin oxirigacha natijadan xavotirlanib o‘ynashni istamaymiz. Bizning jamoa shunday o‘yinlar uchun mavjud. «Atletiko»ga qarshi o‘ynash hamisha qiyin bo‘lgan, lekin biz har bir o‘yinda o‘z uslubimizni namoyish etamiz. Ertaga eng yaxshi o‘yinimizni ko‘rsatishimiz kerak.

Hamisha qilish uchun ish bor. Bizda g‘alaba yoki mag‘lubiyatlarda qaysidir alohida futbolchi ajratib ko‘rsatilmaydi. Bir yoki ikki futbolchini mag‘lubiyat uchun aybdor qilish adolatdan bo‘lmaydi. Masalan, men qaysidir mag‘lubiyat uchun aybdor bo‘lmayman, chunki men murabbiyman.

Arda Turan ko‘rsatayotgan o‘yinlardan ko‘nglim to‘lmoqda, shuningdek Herar Pike ham o‘zini ko‘rsatmoqda.

Oldinda bizni qiyin bahs kutib turibdi, YeChLdagi barcha o‘yinlar qiyin. «Atletiko»ga qarshi o‘ynash esa ikki barobar qiyin, chunki ular bizni yaxshi o‘rganishgan. Biz albatta o‘zimizga kerakli natija uchun kurash olib boramiz. Biz to‘lib-toshgan «Visente Kalderon» stadionida o‘ynashni yoqtiramiz. Umid qilamanki, muxlislarni oldinda katta tomosha kutmoqda», — deydi murabbiy.

Eslatib o‘tamiz, bu jamoalarning birinchi uchrashuvi 5 aprel kuni Barselonada o‘tkazilgan, o‘shanda mezbonlar 2:1 hisobida g‘alaba qilishgandi.

Ko‘proq yangiliklar: