Yevroittifoq Rossiyaning soyadagi flotiga qarshi sanksiyalar tayyorlamoqda

Jahon 08:36 / 12.11.2024 4308

Yevropa parlamenti Rossiyaning «soyadagi floti»ga qarshi «maqsadli» choralar ko‘rishni talab etuvchi rezolyutsiyani qabul qilishga tayyorlanmoqda. Bu haqda 11 noyabr, dushanba kuni Politico nashri xabar berdi. Nashrning ta’kidlashicha, bu qaror Moskva «sanksiyalardan va ekologik halokatga olib keladigan xavflardan» faol ravishda qochishi bilan bog‘liq.

Yevroparlament takliflari orasida Rossiya neftini tashuvchi kemalarga qarshi sanksiyalar va Yevropa Ittifoqining sun’iy yo‘ldosh orqali monitoringini kuchaytirish hamda tankerlarni «maqsadli tekshirish» bor. Rezolyutsiya, shuningdek, dengiz kemalariga Yevropa suvlarida sug‘urtalanganligini isbotlash uchun yangi talablarni taklif qiladi.

Politico: Rossiyaning «soyadagi floti» butun dunyo bo‘ylab neftni to‘kmoqda

Politico 2024 yil oktyabr oyida SourceMaterial notijorat jurnalistlar guruhi bilan hamkorlikda o‘tkazgan surishtiruvida Rossiyaning «soyadagi floti» tankerlari kamida to‘qqizta neft va neft mahsulotlarining to‘kilishiga sabab bo‘lganini, bu esa butun dunyo bo‘ylab suv sathlarida keng neft dog‘larini qoldirganini xabar qildi.

«Politico va SourceMaterial Tailanddan tortib Vetnam, Italiya va Meksikagacha bo‘lgan hamma joyda «soyadagi flot» bilan bog‘liq bo‘lgan chiqindilarni topdi. Tankerlar Qizil dengiz va Panama kanali kabi band bo‘lgan yuk tashish yo‘laklaridan o‘tgan, bu xalqaro savdo yo‘llarida har qanday jiddiy baxtsiz hodisani keltirib chiqarish mumkinligini anglatadi», deb yozadi jurnalistlar. Ular Ukrainada urush boshlanganidan va Rossiyaga qarshi sanksiyalar qo‘llanganidan beri bu muammo sezilarli darajada yomonlashganini ta’kidlaydilar.

Greenpeace: Rossiya «soya floti» uchun kamida 192 eskirgan tankerdan foydalanadi

2024 yil oktyabr oyi oxirida Greenpeace («Grinpis») xalqaro nohukumat ekologik tashkiloti surishtiruv e’lon qildi, undan kelib chiqadiki, Rossiyaning neftni tashish bo‘yicha «soyadagi floti» kamida 192 eskirgan tankerni o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari, ularning 171 tasi so‘nggi ikki yil ichida kamida bir marta Boltiq dengizidagi nemis suvlari va Meklenburg buxtasining bir qismidan o‘tgan.

Ko‘proq yangiliklar: