Ford o‘zi boshqariluvchi avtomobillarni qorong‘ulikda sinadi

Fan-texnika 00:00 / 12.04.2016 1472

Ford kompaniyasi avtopilot tizimiga ega avtomobillarni to‘liq qorong‘ulikda muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazganini ma'lum qildi. Bu esa bunday transport vositalarining tijorat bozoriga chiqishini yana bir qadamga yaqinlashtiradi.

Avtopilot majmuasining asosiy tashkil etuvchilaridan biri bort kameralari hisoblanadi. Biroq ularning samaradorligi yorug‘langanlikka bog‘liq.

Ford sinovlarining ko‘rsatishicha, o‘zi boshqariluvchi avtomobillar mohiyatan umuman kameralarsiz ishlashi mumkin. Ularga to‘liq qorong‘ulikda boshqa datchiklar – lidarlar (masofani yorug‘lik yordamida aniqlovchi qurilmalar) yordamga keladi.

Ford avtopiloti Fusion Hybrid avtomobillarida sinalmoqda. Bunday mashinalar fazoning uch o‘lchamli xaritasini qurish uchun 4 ta infraqizil lidar, videokamera va turli datchiklardan foydalanadi.

Ford mutaxassislari robomobillarni yaratish jarayonida Michigan universiteti va Massachusets texnologik instituti tadqiqotchilari bilan hamkorlik qilmoqda. Hozirda kompaniya mutaxassislari zarur sensorlar va kompyuter texnologiyalarini ommaviy tarzda ishlab chiqarishga moslashtirmoqdalar hamda ularning ishlash alogirtmlarini tekshirish va takomillashtirishni davom ettirmoqdalar.

To‘liq avtomatlashtirilgan avtomobillar bozorga 2025 yilda chiqishi kutilmoqda. Yaqin yillarda esa bunday transport vositalarining sinalishi Ford kompaniyasiga xaridorlarga harakatlanishda haydovchiga ko‘mak ko‘rsatishning innovatsion majmualari bilan jihozlangan avtomobilni taklif qilishga imkon beradi.

Ko‘proq yangiliklar: