Toshkentda “Universiada – 2016” sport o‘yinlarining futbol, voleybol, basketbol, qo‘l to‘pi va boks bo‘yicha mintaqaviy saralash musobaqalari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda «O‘zA» xabar bermoqda.
O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent temir yo‘l transporti muhandislari instituti, Ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar boks maktabi hamda «Paxtakor» futbol klubi qoshidagi 16-bolalar va o‘smirlar sport maktabida o‘tkazilgan bahslarda Toshkent shahri, Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlari terma jamoalari ishtirok etdi.
Futbol, voleybol, basketbol, qo‘l to‘pi bo‘yicha Toshkent shahrining erkaklar va qizlar terma jamoalari g‘olib bo‘ldi. Boks bo‘yicha Toshkent shahri jamoasining to‘qqiz a'zosi, Jizzax viloyatidan bir bokschi final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
G‘oliblar Farg‘ona shahrida bo‘lib o‘tadigan “Universiada – 2016” sport o‘yinlarining final bosqichida ishtirok etadi.