Namangan viloyatida xorijiy investorlar ishtirokidagi 60 ga yaqin korxona faoliyat ko‘rsatmoqda

O‘zbekiston 17:03 / 11.04.2016 2554

Namangan viloyatida xorijiy investorlar ishtirokidagi 60 ga yaqin korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Uychi tumani Yorkatay qishlog‘idagi “Mega tekstil” xorijiy korxonasida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar yuqori sifati bilan xaridorlarga manzur bo‘lmoqda. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.

“Ortasya Tekstil Sanayi ve Ticaret Limited Sirketi” kompaniyasi ta'sischiligida 1 million 450 ming dollar miqdoridagi nizom fondi bilan 2010 yilda ish boshlagan korxona paxta xomashyosidan ip-kalava ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Paxta tolasini tarash, piltalash, piliklash, yigirish va qayta o‘rash kabi to‘rt bosqichdan iborat jarayon zamonaviy dastgohlarda bajarilmoqda. Korxonaning yillik ishlab chiqarish quvvati o‘rtacha 1080 tonnani tashkil etadi.

– O‘tgan yili korxonada 4 milliard 255 million so‘mlik 800 tonnadan ortiq mahsulot ishlab chiqarildi, – deydi korxona direktori Komiljon Mamatchayev. – Mahsulotning qariyb 70 foizi eksport qilindi. 2014 yilda eksport hajmi 676 mingdan ziyod dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2015 yilda bu ko‘rsatkich qariyb ikki barobar oshdi.

Prezidentimizning 2015 yil 24 noyabrdagi “2016-2019 yillarda Namangan viloyatining sanoat salohiyatini rivojlantirish dasturi to‘g‘risida”gi qarori asosida bu yerda joriy yildan boshlab 1 million 800 ming dollarlik istiqbolli loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan.

Loyihaning dastlabki bosqichida Xitoyning “Jingwei textile machinery co.ltd” kompaniyasida ishlab chiqarilgan 11 turdagi zamonaviy jihozlar keltirib o‘rnatiladi. Keyingi bosqichda esa Italiyaning “Sangiacomo” kompaniyasidan so‘nggi rusumdagi texnologik jihozlar keltirilib, yiliga 600 ming juft paypoq ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. 2019 yilgacha bosqichma-bosqich umumiy qiymati 5 million 409 ming dollarlik modernizatsiya ishlari amalga oshiriladi.

Ayni paytda korxonada mehnat qilayotgan 180 dan ortiq ishchi-xodimning aksariyati kasb-hunar kollejini bitirgan yosh mutaxassislardir.

Ko‘proq yangiliklar: