«Manchester Siti» jamoasi Dortmundning «Borussiya» jamoasi bilan yarimhimoyachi Ilkay Gyundoganning transferi bo‘yicha kelishuvga erisha olmayapti.
Sky Sports nashrining yozishicha, tomonlar Germaniya terma jamoasi a'zosi bo‘lgan bu futbolchining transferi narxini belgilashda 10 million yevrolik tafovut qayd etishmoqda. «Siti» futbolchi uchun 35 million yevro taklif qilgan, «Borussiya» esa futbolchisini 45 million yevrodan kamiga bermasligini bildirgan.
Futbolchi germaniyaliklar jamoasi bilan shartnomani uzaytirmadi va u 1 yildan keyin erkin agentga aylanishi mumkin.
Bundan oldinroq, Gyundogan «Siti» rahbariyati bilan og‘zaki kelishuvga erishgani va bu jamoaga o‘tgach, yiliga soliqlar chiqarib tashlangan holatda 6 million yevro maosh olishi haqida xabar berilgandi.