2018 yilda Yaponiyadagi Yokogama shahri yaqinida “Aqlli Tsunasima” megapolisi barpo etiladi. Qurilish ishlari mamlakatdagi 10ta yirik kompaniyani o‘zida jamlagan konsorsium tomonidan olib borilmoqda.
Mahalliy hukumat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan loyiha tashabbuskorlari Panasonic va Nomura Real Estate Development korporatsiyalaridir. Ular “Aqlli shahar”ning konsepsiyasini taqdim qilishdi. Shaharda fantastik filmlardagi kabi uchuvchi taksilar bo‘lmasada, Tsunasimada joriy etiladigan texnologiyalarning dunyoda qiyosi yo‘qligi aytilmoqda.
Ma'lumki, bundan avval Yaponiyada, 2014 yilda “Aqlli Fudjisava” shaharchasi bunyod etilgan edi. Bu shaharda har bir oilaning o‘z uyi bor.
Tsunasima esa kelajakda urbanizatsiya markazi bo‘lishi kutilmoqda. Shaharning katta qismi savdo markazi va tadbirkorlar uchun ajratiladi. Markazga ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari, Keyo Universitetining talabalari uchun kampus, savdo-ko‘ngilochar dargohlari joylashtiriladi. Shaharliklar esa “aqlli uylar”da istiqomat qilishadi.
Energiyadan samarali foydlanuvchi texnologiyalarning qo‘llanilishi o‘z navbatida atmosferaga CO2 gazini chiqarishni 40 foizga qisqartiradi. Suv iste'moli esa 30 foizga kamayadi. Energiyaning 30 foizi tabiiy manbalardan olinadi. Bundan tashqari, favqulodda hodisalar yuz bergudek bo‘lsa, shahar uch kun mobaynida o‘zini-o‘zi energiya va boshqa resurslar bilan ta'minlay olgan holda “yashashi” mumkin.
“Energomarkaz” shaharning “yuragida joylashadi” va elektr ishlab chiqarish hamda ta'minotini muvofiqlashtirib turadi. Tabiat injiqliklari paydo bo‘lgudek bo‘lsa, “Energomarkaz” barcha inshootlarni ekologik toza energiya bilan ta'minlaydi. Tokyo Gas Group kompaniyasi bu yerga yuqori samara beruvchi issiqlik va energiya ishlab chiqaradigan tizim o‘rnatadi.
Elektr energiyasi orqali paydo bo‘lgan issiqlik uylarni va suvlarni isitadi. Shaharga gaz yetkazib berish zilzilaga bardoshli maxsus quvurlar orqali amalga oshiriladi. Bu quvur tabiiy ofatlar yuz bergan taqdirda ham faoliyatini davom ettiraveradi.
Shaharda ekomobillar harakatlanadi. JX Nippon Oil & Energy korporatsiyalari tomonidan yaratilgan vodorod quyish stansiyalari ekologik avtomobillarni yoqilg‘i bilan ta'minlaydi.
Zamonaviy texnologiyalpar Keyo Universitetining xalqaro kampusida jahonning turli mamlakatlaridan kelib tahsil olayotgan talabalarning og‘irini yengil qiladi. Havo tozalovchi jihozlar havoning sofligini ta'minlashga xizmat qiladi.
UNY kompaniyasining “Aqlli savdo-ko‘ngilochar markazi”da aholi onlayn orqali oziq-ovqatlarga buyurtma berishlari mumkin bo‘ladi. Shahar markazini elektr bilan tomlarga o‘rnatilgan quyosh panellari ta'minlaydi. Ko‘chalarga o‘rtatilgan svetodiod tizimlari orqali har qanday ma'lumotni olish imkoniyati mavjud bo‘ladi. Ya'ni do‘konlarda qanday mahsulot borligi, ularning narxlari, yo‘llardagi vaziyat, ob-havo ma'lumotlari, tabiiy ofatlardan ogohlantirish kabi ma'lumotlar shular jumlasidan. Tarjima tizimi esa xorijliklarning savdo markazidagi yumushini yengillashtiradi. Ko‘p tarmoqli vidoyekuzatuv tizimi esa xavfsizlikni ta'minlashga hissa qo‘shadi.
Tsunasima aholisi uchun maxsus aqlli uylar quriladi. Har bir xonadonga Smart HEMS tizimi va maishiy akkumulyatorlar o‘rnatiladi. Ulardan foydalangan aholi odatlaridan voz kechmangan holda ekologik toza turmush tarzidan bahramand bo‘lishadi.
Shaharda lift bilan bog‘liq muammo deyarli bo‘lmaydi. Maxsus akkumulyatorlar tufayli elektr manbai uzilib qolgan taqdirda ham odamlar liftlardan foydalnish imkoniga ega bo‘ladi.
Sharofiddin To‘laganov.