Misr va Saudiya Arabistoni qo‘shma investitsiya fondini tuzish haqidagi bitimni imzoladi. TASS agentligi xabar qilishicha, bu fondning ustav kapitali 60 milliard Saudiya riali (16 milliard dollar)ga teng bo‘lgan.
Hujjatlarni imzolash marosimi 9 aprel kuni Misr poytaxti Qohira shahridagi Abdin saroyida Misr prezidenti Abdul Fattoh as-Sisiy va Saudiya Arabistoni qiroli Salmon ibn Abdulaziz Al Saud ishtirokida bo‘lib o‘tgan.
Bundan tashqari, ikki mamlakat Sinay yarim orolida erkin savdo hududini yaratish haqida bitim tuzdi. Ushbu loyihaning eng muhim tarkibiy qismlaridan biri Qizil dengiz orqali Sinaydagi Sharm-ash-Shayxni Saudiya Arabistoni shimolidagi Tiran Ras-Hamid shahri bilan bog‘lovchi 50 kilometr uzunlikdagi ko‘prikni qurishdan iborat hisoblanadi.
Loyiha doirasida Saudiya Arabistoni 13ta ishlab chiqarish majmuasi barpo etilishi uchun 1,5 mlrd dollar ajratadi, shuningdek, Janubiy Sinay markazi Et-Tur shahrida qirol Salmon nomidagi universitet ochiladi.
Kelishuvga ko‘ra, aholi uchun turarjoy binolari, suv kanallari, 2ta elektrostansiya (ulardan biri Qohira yaqinida) qurish rejalashtirilgan. Elektrostansiyalar barpo etilishi uchun sarflanadigan mablag‘ miqdori 2,2 mlrd bo‘ladi. Shuningdek, Ismoiliya shahrida 2 mlrd dollar evaziga quruq mahsulotlar yuklanadigan port quriladi.
Qolaversa, Saudiyaning Aramco milliy neft kompaniyasi va uning misrlik sheriklari o‘rtasida hamjihatlik to‘g‘risidagi memorandum, eksport va ishchi kadrlarni tayyorlash sohasidagi ikkita kompaniyani ta'sis etish haqidagi bitim imzolandi.
Bundan oldinroq, tomonlar turli sohalarda hamkorlik qilish bo‘yicha 17ta kelishuv hujjatini imzolashgani xabar qilingandi.
Saudiya Arabistoni va Misr Qizil dengiz ustida ko‘prik quradi
Misr Saudiya Arabistoniga Qizil dengizdagi ikkita orolni topshirdi