Italiya Qohiradagi elchisini chaqirib oldi

Jahon 12:36 / 09.04.2016 1199

Italyan aspiranti Julio Rejyenining o‘limiga oid tergov jarayonida aytarli natijalar qo‘lga kiritilmagani sababli, Italiyaning Misrdagi elchisi maslahatlashuvlar o‘tkazish maqsadida Rimga chaqirilgan. Bu haqda, mamlakat bosh vaziri va tashqi ishlar vazirining Tvitterdagi sahifalarida bayon qilingan.

Italiya tomoni shuningdek, Misr tergov komissiyasi bilan hamkorlikni to‘xtatgan. Italyan tergovchilarining ta'kidlaricha, ular Rimga tashrif buyurgan misrlik hamkasblaridan barcha ashyoviy dalillarni olishmagan.

27-yoshli Julio Rejyeni Qohiradagi Amerika universitetida tadqiqot ishlari bilan shug‘ullanishi barobarida qator italyan OAV bilan hamkorlik qilgan. Shuningdek, jurnalistlik maqsadida muxolifat vakillari bilan uchrashib yurgan.

Shu yilning 25 yanvarida u bedarak yo‘qolgan, keyinroq talabaning jasadi Qohira atrofidagi ko‘chalardan birining yonidan topilgan edi.
Mart oyi oxirlarida, Misr huquq-tartibot idoralari maxsus amaliyot o‘tkazib, chet elliklarga hujum qilish va talash bilan shug‘ullanib kelgan jinoiy guruhning besh nafar a'zosini o‘ldirgan, ularning xonadoni tintuv qilinganida Julio Rejyeniga tegishli hujjatlar va shaxsiy buyumlar topilgan edi.

Garchi Misr tomoni Rejyeni o‘limi jinoiy asosga egaligini ta'kidlayotgan bo‘lsada, rasmiy Rim bunday fikrda emas. Bir paytlar OAVda Rejyeni Misr maxsus xizmatlari tomonidan o‘ldirilgan bo‘lishi mumkin degan xabarlar paydo bo‘lgandi. Albatta, Qohira bu ayblovlarni rad etmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: