Hokimlarga yil yakunigacha kamida 10 tadan hududning «master reja»sini ishlab chiqish topshirildi

O‘zbekiston 19:08 / 23.09.2024 3268

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida qurilish industriyasi va qurilish materiallari ishlab chiqarishni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilishda sohaga yuqori texnologiya, ilm va innovatsiyani joriy qilish ishlari bugungi kun talabiga mos kelmasligi qayd etildi. Qurilishdagi o‘zgarishlardan orqada qolib ketmaslik uchun Shaharsozlik normalari va qoidalari (ShNQ) muntazam yangilab borish kerakligi ta’kidlandi. Qurilish va Adliya vazirligiga bir oyda 38 ta ShNQ ro‘yxatdan o‘tkazib, amaliyotga joriy qilish, 1 martga qadar 16 qavatdan yuqori binolar, savdo kompleksi va parkinglar bo‘yicha milliy normalarni hamda yana 13 ta ShNQ ishlab chiqish topshirildi. Yil yakunigacha 16 qavatdan yuqori binolar qurish bo‘yicha Toshkent arxitektura-qurilish universiteti qoshida alohida Konstruktorlik byurosi tashkil qilinishi belgilandi.

O‘tgan yili hokimlarga xususiy sektorni jalb qilib, «master reja» ishlab chiqishga ruxsat berildi. Bundan maqsad – kichik hududlarni belgilab, uy-joy qurish, turizm, savdo va servisni rivojlantirsa bo‘ladigan joylarga tadbirkorlarni jalb qilish edi. Bu borada Buxoro, Navoiy viloyatlaridagi 85 ta hududning «master rejasi»ni ishlab chiqish boshlangan. Lekin, qolgan viloyatlar hali masalani ichiga kirmagani tanqid qilindi. Viloyat hokimlariga yil yakunigacha kamida 10 tadan hududining «master reja»sini ishlab chiqish topshirildi.

Bundan tashqari, 106 ta tuman-shaharda 136 ta «master reja» qilish bo‘yicha topshiriq berilgan. Hozirgacha shundan 21 tasi ishlab chiqilgani, Andijon va Xorazmda esa birorta «master reja» tayyormasligi ko‘rsatib o‘tildi. Qoloqliklarni tezkor bartaraf etish bo‘yicha viloyat hokimliklariga vazifa qo‘yildi.

O‘tgan yili 1 ming 600 ta obekt qurilishi ro‘yxatdan o‘tkazilmasdan boshlangan bo‘lsa, yil boshidan 2 ming 200 taga yetgan. Bundan tashqari, qurilish obektlari toifasiga qarab oyiga kamida 2-4 marta nazoratdan o‘tkazilishi zarur. Lekin 8 oy ichida 1 ming 150 ta obektga inspektor bir marta borgan. Oqibatda joylarda pala-partish qurilish ko‘payib, aholi e’tiroziga sabab bo‘layapti.

Qurilish vazirligi, Qurilish sohasidagi nazorat inspeksiyasi, Bosh prokuraturaga qurilishda byurokratik to‘siqlar va korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarini kuchaytirish topshirildi. Qurilish inspeksiyasining hududiy boshqarmalarida quruvchi-operatorlar shtabi tashkil qilinishi belgilandi. Nazorat inspektorlari bodikamera bilan ta’minlanadi.

Shuningdek, yig‘ilishda davlat obektlarini loyihalash va qurishda haligacha «resurs» usulidan foydalanilayotgani qayd etildi. Kelasi yil 1 yanvardan qurilishda «resurs» usulidan voz kechib, «hajm» usuliga o‘tish rejalashtirilgan. Vazirlar Mahkamasiga bu tizimni ishlatish tartibini ishlab chiqish topshirildi.

Mutasaddilarga o‘quv kurslarini tashkil qilib, loyihachi, pudratchi va nazoratchilarni yangi tizimda ishlashga o‘qitish, kelgusi yil investitsiya dasturiga kiradigan 1 ming 300 dan ziyod obekt «hajm» usulida qurilishini ta’minlash topshirildi.

Prezident har bir viloyatda tashkil qilingan Shaharsozlik kengashi faoliyati bo‘yicha ham e’tirozlar ko‘pligini ta’kidladi. Kengashga kiritilgan loyihalarni ko‘rib chiqish va kelishish 6 oygacha cho‘zilmoqda. Loyihalar Shaharsozlik kengashiga kiritilishdan oldin tumandagi Sanepidnazorat va yong‘in xavfsizligi bilan kelishiladi. Vaholanki, ularning rahbarlari kengash tarkibida o‘tiribdi.

Endi Shaharsozlik kengashi faoliyati bilan bog‘liq jarayonlar to‘liq raqamlashtiriladi. Bunda barcha loyihalar kengashga «Shaffof qurilish» platformasi orqali elektron kiritiladi. Loyiha hujjatlari bo‘yicha SES va yong‘in xavfsizligi tuman bo‘limidan alohida xulosa olish bekor qilinadi.

Kengash a’zolari loyihani quyi tizimi bilan shu platformada elektron kelishadi, loyihani ko‘rib chiqish muddati 15 kundan oshmasligi zarurligi ta’kidlandi. Ushbu tartibni 1 dekabrdan Toshkent shahrida, kelgusi yil 1 apreldan qolgan viloyatlarda joriy qilish topshirildi.

Qurilish sohasidagi ishchilar malakasini baholaydigan tizim joriy qilinadi. Bunda ishchi-kasblarga malaka darajasi va ish o‘rinlariga aniq talablar belgilanadi, bu darajani olish uchun ishchilar profta’lim muassasalarida o‘qitiladi. Ishni mustaqil yoki shogird sifatida o‘rganganlarga sertifikat olish uchun malaka imtihonidan o‘tishi kifoya qiladi.

Ko‘proq yangiliklar: