Amerikaning Apple korporatsiyasi Boston (Massachusets shtati) sudining jinoiy guruh vakiliga tegishli iPhone smartfonidagi ma'lumotlarni ochib berish to‘g‘risidagi talabidan bosh tortdi. Bu haqida kompaniya vakillari juma kuni Reuters agentligiga xabar berdi.
Sud hujjatlariga ko‘ra, shu yilning fevral oyida Apple zimmasiga huquqni muhofaza qilish organlariga qurilmalarni tekshirishda yordam berish va “imkon boricha” undagi ma'lumotlarni ochib berib, maxsus disklarda posbonlarga yetkazish vazifasi yuklatilgan edi.
Kompaniya vakillari sud yuklagan majburiyatga va boshqa o‘xshash talablarga ham rad javobini bergan.
Riversayd (Kaliforniya shtati) sudi fevral oyida Appleni Kaliforniyada o‘tgan yili sodir etilgan terakt ijrochisi — Said Farukning smartfonidagi ma'lumotlarni ochishda FQBga yordam ko‘rsatish majburiyatini yuklagan edi. Kompaniya rahbari Tim Kuk esa o‘sha vaqtda FQB talabi qayta ko‘rib chiqilishini so‘ragan edi. Chunki kompaniya tomonidan davlat organlariga tergov nuqtai nazaridan muhim bo‘lgan ma'lumotlarni allaqachon terakt ijrochisining smartfonidan olib berilgan. Uning ta'kidlashicha, kompaniya iPhone smartfonlarini “buzish”da yordam beradigan maxsus dasturiy ta'minotni davlat organlariga bermaydi, chunki bu barcha iPhone foydalanuvchilarning shaxsiy ma'lumotlarini xavf ostiga qo‘yadi.
Mart oyining oxirida davlat organlari Apple’ning yordamisiz terrorchi smartfonidagi axborotlarni olishga erisha oldi. Shuning uchun, AQSh adliya vazirligi suddan Apple’ning qurilmani “buzish”da yordam ko‘rsatish majburiyati haqidagi qarorini bekor qilishni talab qildi.