Ugandada saratonga qarshi yagona radioterapiya uskunasi ishdan chiqdi

Jahon 18:47 / 08.04.2016 1136

Ugandada saratonga qarshi yagona radioterapiya uskunasi ishlamay qoldi. Bu holat tufayli minglab bemorlar davolanish imkoniyatidan mahrum bo‘lishdi.

Mamlakat poytaxti Kampaladagi Mulago shifoxonasining saraton bo‘limiga yangi zamonaviy tibbiy uskuna sotib olish uchun 1.8 million dollar mablag‘ qidirmoqda.

Ushbu shifoxonaning saraton bo‘limida yiliga 44 mingga yaqin ugandalik tekshiruvdan o‘tib, davolanadi. Bundan tashqari, Ruanda, Burundi va Janubiy Sudandan ham bemorlar davolanish ilinjida shu yerga kelishadi.

"Ularning 75 foiziga esa radioterapiya talab qilinishi mumkin", degan bo‘lim vakili Kristin Namulindva.

Uning aytishicha, ushbu holat juda achinarlidir, chunki, zudlik bilan radioterapiya talab etiladigan bemorlar bor. Mulago shifoxonasidagi radioterapiya uskunasi 1995 yilda muassasaga hadya qilingan. Shundan so‘ng, uskuna bir necha marotaba ta'mirlangan. Ammo, bu safar uni ta'mirlash imkoni topilmagan.

Radioterapiya usulida tananing ma'lum bir qismidagi saraton hujayralariga maxsus nur yuboriladi. U saratonning ko‘plab turlarida qo‘llaniladi. Sog‘lom hujayralar zarardan so‘ng tiklanishi mumkin, ammo saraton hujayrasi o‘ladi.

Hozirda bo‘lim tomonidan kimyoterapiya va jarrohlik usuli bilan davolash taklif etilayotgan bo‘lsada, bemorlar radioterapiya uchun qo‘shni Keniyaga safar qilishga majbur bo‘lishmoqda.

Aytish joizki, so‘nggi vaqtlarda, Afrikaning aksar hududlarida turmush kechirish sharoitlari tobora yomonlashayotgani bois, saraton xastaligi ham avj olmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: