Poytaxtimizning G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida “Amir Temur – buyuk sarkarda va davlat arbobi” mavzuida madaniy-ma'rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Bu haqda «O‘zA» xabar bermoqda.
Bog‘ ma'muriyati, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati va “Mahalla” xayriya jamoat fondi Chilonzor tumani bo‘limlari tomonidan tashkil etilgan tadbirda shoir va yozuvchilar, tarixchi-olimlar, ma'naviyatchilar, “Barkamol avlod” bolalar ijodiyot markazi hamda tumandagi umumta'lim maktablari o‘quvchilari ishtirok etdi.
Tadbirda Amir Temur va temuriylar davri tarixini o‘rganish borasida olib borilayotgan ishlar, bu jarayonda aniqlangan qimmatli manbalar, ularning ahamiyati haqida so‘z yuritildi.
“Barkamol avlod” bolalar ijodiyot markazining sport guruhi va raqs jamoasi, G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i qoshidagi “Ulug‘bek yulduzlari” vokal ansambli, “Nodirabegim” va “Durdona” folklor-etnografik ansambli hamda qo‘g‘irchoq teatri jamoalarining chiqishlari namoyish etildi.