Toshkent shahar tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasida mamlakatimizda an'anaviy o‘tkazilayotgan «Toza havo» tadbirining joriy yildagi birinchi bosqichini tashkil etish bilan bog‘liq masalalarga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda Sog‘liq saqlash, Ichki ishlar vazirliklari vakillari, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent viloyatlari tabiatni muhofaza qilish qo‘mitalari mutaxassislari va jurnalistlar ishtirok etdi.
O‘zbekiston Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Ichki ishlar, Sog‘liqni saqlash vazirliklari hamkorligida ikki bosqichda o‘tkazilayotgan “Toza havo” tadbiridan ko‘zlangan maqsad avtotransport vositalaridan atmosferaga chiqarilayotgan zaharli gazlarni kamaytirish, aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish va atrof-muhit musaffoligini ta'minlashdir.
2015 yilda o‘tkazilgan ana shunday tadbirda oltmishdan ko‘proq avtotransport korxonalari, avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari, texnik ko‘rik o‘tkazish stansiyalarida ekologik nazorat o‘tkazilgan. 230 mingga yaqin avtotransport vositalarining texnik holati ko‘zdan kechirilgan.
Ushbu tadbir natijasida har yili havoga chiqarilayotgan zararli moddalarni qariyb yuz tonna kamaytirishga erishilmoqda. Tadbirning 2016 yildagi ilk bosqichi 10 apreldan 10 mayga qadar o‘tkaziladi. Ikkinchi bosqichini 10 avgustdan 10 sentabrgacha (Toshkent shahrida 10 sentabrdan 10 oktabrgacha) o‘tkazish rejalashtirilgan.