Sky News Arabia IShID Suriyada 175 ishchini qatl qilgani haqidagi xabarini o‘chirib tashladi

Jahon 19:10 / 08.04.2016 1183

Sky News Arabia telekanali saytidan IShIDning suriyalik 175 nafar ishchini qatl qilgani haqidagi xabari olib tashlangan.

Ayni vaqtda bu xabarga kirmoqchi bo‘lganlar 404 xatoligiga duch kelishmoqda.

Bundan oldinroq, telekanal saytida 6 aprel kuni Damashq yaqinidagi sement zavodidan o‘g‘irlab ketilgan 300 nafar ishchining 175 nafari ommaviy ravishda qatl qilingani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek, bu haqda Reyter agentligi ham qisqacha xabar bergandi. Agentlik o‘z xabariga suriyalik harbiylarni manba qilgan. Ayni vaqtda Reyter bu ma'lumot haqiqiyligini tekshirmoqda.

Jangarilar Damashq yaqinidagi Abu ash-Shamat hududida joylashgan Al Badia Cement kompaniyasiga tegishli zavodga 6 aprel kuni hujum qilishgan.

IShID odamlarni qo‘rqitish uchun tez-tez shunday qotilliklar uyushtirib turadi. Ushbu yilning yanvar oyida Dayr-az-Zorda tinch aholi vakillari bo‘lgan 280 nafar kishi qatl qilingani haqida xabar qilingandi. Iroqning Mo‘sul shahrida IShID qurbonlari soni 4 ming kishi bo‘lgan.

Ko‘proq yangiliklar: