Futbol bo‘yicha Osiyo Chempionlar Ligasi guruh bosqichining 4-turi oldidan Toshkentning «Lokomotiv» va Eronning «Sepahon» klublari o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi. Bu haqda toshkentliklar jamoasi rasmiy saytida xabar berilgan.
«Lokomotiv» PFK prezidenti Mansur Rajabov va «Sepahon» FK boshqaruv raisi Asgar Bageriyan imzolagan shartnomada bir qator bandlar sanab o‘tilgan bo‘lib, har ikki klub kelajakda ularni amalga oshirish borasida quyidagicha kelishib olingan:
- jamoalarga tegishli bo‘lgan sportchilarni o‘zaro kelishuv asosida u yoki bu klubga transfer qilish;
- amoalarning turli yoshdagi futbolchilari o‘rtasida belgilangan qoidalarga ko‘ra o‘rtoqlik va nazorat uchrashuvlarini tashkil etish;
- Eron va O‘zbekiston sport jamoalarining u yoki bu mamlakatda o‘quv-yig‘in mashg‘uloti olib borishini ta'minlash;
- yangi futbol metodlari va qo‘llanmalari bo‘yicha o‘zaro fikr almashish, futbol mashg‘ulotlari jarayonlarini disklarga yozgan holda jamoa ustozlari va futbolchilar orasida umumiy tajriba almashish;
Qayd etish kerakki, «Lokomotiv»ning sobiq futbolchisi Fozil Musayev aynan «Sepahon» klubi safida o‘ynamoqda. Ushbu futbolchining o‘yinidan eronliklar klubi rahbariyati hamda murabbiylar shtabining ko‘ngli to‘qligi aytilgan.
Ma'lumot uchun, «Lokomotiv» OChLning guruh bosqichi doirasida «Sepahon»ni safarda 2:0, Toshkentda esa 1:0 hisobida mag‘lub etdi.