Andijonda shaxmat bo‘yicha respublika turnirining final bosqichi o‘tkazildi

Sport 19:57 / 08.04.2016 2929

Andijonda “Kamolot” shaxmat taxtasi” respublika turnirining final bosqichi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda «O‘zA» xabar bermoqda.

Turnir “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari, Xalq ta'limi vazirliklari, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi markazi hamda Shaxmat federatsiyasi hamkorligida tashkil etildi.

To‘qqizinchi bor o‘tkazilayotgan turnirning final bosqichida mamlakatimizning barcha hududlaridan 8 yoshdan 19 yoshgacha bo‘lgan 140 nafar yosh shaxmatchi g‘oliblik uchun bahslashdi.

Qizlar o‘rtasida Navoiy viloyati vakillari Mehribon O‘tkirova, Barchinoy Oblayeva, qashqadaryolik Feruza Qurbonova, sirdaryolik Zebo Abdullayeva va Shahnoza Qosimova, o‘g‘il bolalar o‘rtasida sirdaryolik Bahrom Bahrullayev, Toshkent viloyati vakili Sherzod Samandarov, andijonlik Shohamir Tojiboyev, xorazmlik O‘lmas Hakimov, qashqadaryolik Bekzod Husanov o‘z yosh toifasida g‘olib bo‘ldi. Umumjamoa hisobida Sirdaryo viloyati jamoasi birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, ikkinchi va uchinchi o‘rinlar Toshkent hamda Navoiy viloyatlari jamoalariga nasib etdi.

G‘oliblar va “Eng yosh ishtirokchi qiz”, “Eng yosh ishtirokchi bola”, “Eng yaxshi partiya”, “Eng chiroyli kombinatsiya”, “G‘alabaga bo‘lgan ishonchi uchun”, “Eng ahil jamoa”, “Master-klass” nominatsiyalari bo‘yicha sovrindorlar turnir tashkilotchilari tomonidan medal va diplomlar bilan taqdirlandi.

Ko‘proq yangiliklar: