Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida joriy yilning 7 aprel kuni Janubiy Koreyaning LG CNS kompaniyasining yangi tayinlangan prezidenti Kim Yon Sob bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar bergan.
Uchrashuv davomida tomonlar LG CNS Uzbekistan qo‘shma korxonasi tomonidan ayni paytda amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi rivoji xususida fikr-mulohazalarini bayon etdi. Xususan, xalqaro andoza talablariga javob beradigan dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarish, korxonaga malakali mutaxassislarni jalb etish va mahalliy kadrlar salohiyatini oshirib borish, xorijiy bozorga chiqish bilan bog‘liq jihatlar yuzasidan fikr almashildi.
LG CNS kompaniyasiga 1987 yilda LG korporatsiyasi tomonidan asos solingan. Janubiy Koreyaning axborot texnologiyalari xizmatlarini ko‘rsatish sohasida eng yirik kompaniyasi bo‘lib hisoblanadi. Kompaniya butun jahonda 10 dan ortiq mintaqaviy ofislariga ega hamda unda faoliyat yurituvchi xodimlarining soni 10 mingdan ortiq. LG CNS kompaniyasi axborot texnologiyalari, konsalting, tizimli va tarmoq integratsiyasi, biznes-jarayonlari va axborot texnologiyalari autsorsingi sohasida ixtisoslashgan.