Islandiya hukumati "ofshor mojarosi" sababli yangi bosh vazir tayinladi

Jahon 08:50 / 07.04.2016 939

Islandiyaning hukmron koalitsiyasi "ofshor mojarosi" ("panamageyt") sababli iste'foga ketgan bosh vazir Sigmyundyur Gyunnleygsson o‘rniga Sigurdur Ing Yoxansonni yangi bosh vazir etib tayinladi. Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar bermoqda.

Taraqqiyot partiyasi vakili Yoxanson mamlakatning baliqchilik va qishloq xo‘jaligi vazirligini boshqargan.

Avvalroq iste'foga ketgan Gyunnleygsson Taraqqiyot partiyasi raisi sifatida o‘z faoliyatini davom ettirish niyatidaligi ma'lum qilingandi.

Gyunnleygsson nomi Mossack Fonseca yuridik firmasi hujjatlarida tilga olingan. "Panama hujjatlari" deb atalgan bu hujjatlarga ko‘ra, endilikda sobiq bosh vazir 2007 yilda Britan Virginiya orollarida Wintris Inc. ofshor kompaniyasiga asos solgan. Hujjatlarda aytilishicha, kompaniya "shaxsiy ehtiyojlar uchun" yaratilgan. Gyunnleygsson hukumatga 2013 yil 10 maydan boshchilik qilgan.

Hujjatlar chop etilgandan keyin Islandiyaning minglab aholisi poytaxt Reykyavikning markaziy maydoniga bosh vazirning iste'foga ketishini talab qilib namoyishga chiqqandi.

Ko‘proq yangiliklar: