YeI ofshor davlatlarning to‘liq ro‘yxatini tuzadi

Jahon 17:31 / 07.04.2016 896

Yevropa Ittifoqi maxsus komissiyasi yarim yil ichida xalqaro shaffoflik qoidasiga rioya etmaydigan va soliqqa oid ma'lumotlarni almashmaydigan davlatlar bo‘yicha ro‘yxat tuzishni rejalashtirmoqda. Bu haqda iqtisodiy va moliyaviy masalalar, soliqqa tortish va bojxona ittifoqi bo‘yicha yevrokomissar Per Moskovisi ma'lum qilgan.

U "Panama hujjatlari" deb nomlanuvchi maxfiy ma'lumotlarning oshkor qilinishi bilan bog‘liq mojarolarni sharhlar ekan, shunday rejani bildirgan.

Moskovisi shuningdek, bunday ro‘yxat avvalroq tuzilgani, ammo to‘liq bo‘lmaganini qayd etar ekan, Panama hukumatini Yevropa Ittifoqi bilan moliyaviy ma'lumotlarni almashishga chaqirgan.

Yevrokomissiyaning o‘zi mazkur mojaroning bevosita ishtirokchisi bo‘lib qolgani xususida esa, ushbu axborotga aniqlik kiritish borasida Yevropa parlamenti ixtiyorida barcha imkoniyatlar borligini ta'kidladi.

Eslatib o‘tamiz, "Panama hujjatlari"da iqlim o‘zgarishlari va energetika masalalari bo‘yicha yevrokomissar Migel Arias Kanetening ismi sharifi ham bor.

Ma'lumki, OCCRP, ICIJ va dunyoning yetakchi nashriyotlarining o‘nlab jurnalistlaridan iborat guruhi, 3 aprel kuni davlat rahbarlari, siyosatchilar, sportchi va madaniyat arboblarining ofshor bitimlariga aloqasiga oid ma'lumotlarni oshkor qilgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: