Braziliyada daryolar qurib qoldi. Dahshatli qurg‘oqchilik sababi nimada?

Jahon 15:44 / 23.09.2024 10788

Apokalipsis manzarasi

Peru Andlaridan boshlanadigan Solimoyns daryosi (Braziliyada Amazonkaning o‘rta oqimi shunday ataladi) ilgari eng yirik transport arteriyasi hisoblangan bo‘lsa, hozir kema qatnovi uchun deyarli yaroqsiz holga kelgan. Undagi suv sathi kuzatuvlar tarixidagi eng past darajaga tushib ketdi, uning yirik irmog‘i Tefe esa deyarli butunlay qurib qoldi. Tefe nomli ko‘l ham shunday qismatga duchor bo‘lgan — o‘tgan yili suv haroratining rekord darajada ko‘tarilishi tufayli undagi yuzdan ortiq noyob chuchuk suv delfinlari nobud bo‘ldi. Endilikda bu katta tabiiy suv havzasi mavjud emas. Qirilib ketish arafasida turgan sut emizuvchilar ham yashashga qulay muhitdan ayrildi.

Foto: Bruno Kelly / REUTERS

Ko‘p irmoqli, qalin tropik o‘rmonlar bilan o‘ralgan ulug‘vor daryolar hozirda faqat siyrak, begona o‘tlar bilan qoplangan qumli ariqchalarga aylanib qolgan. Bu dahshatli manzaraga Janubiy Amerikadagi misli ko‘rilmagan o‘rmon yong‘inlarining achchiq tutuni ham qo‘shiladi. Yil boshidan buyon qit’ada 346 mingdan ortiq tabiiy yong‘in o‘choqlari qayd etildi, bu esa mutlaq statistik rekord.

Iqlim tartibsizligi faqat Amazoniyani emas, balki butun Braziliyani qamrab olgan. Mamlakat hududining taxminan uchdan ikki qismi qurg‘oqchilik iskanjasida. Bu esa Hindiston hududiga teng ulkan maydon. Ba’zi hududlar aholisi 100, hattoki 150 kundan beri bir tomchi yomg‘ir ko‘rmagan.

Tashnalik, kasalliklar va iqtisodiyotga zarba

Amazonka havzasidagi ko‘plab aholi punktlari suv sathining falokatli pasayishi oqibatida dunyodan butunlay uzilib qoldi, chunki bu joylarda qayiqlar yagona transport vositasi hisoblanadi. Daryo bo‘ylarida yashovchi jamoalarni loyqa ko‘lmaklar, orolchalar va qum tepaliklari o‘rab turadi. Mahalliy aholi jaziramada qayiqlarini qum ustidan sudrab, hali qurib ulgurmagan irmoqlarga yetib olishga, so‘ngra yaqin atrofdagi shaharlarga borishga majbur bo‘lmoqda. U yerda odamlar banan yoki manioka sotib, oziq-ovqat, dori-darmon va boshqa zarur narsalarni xarid qiladi.

Foto: Bruno Kelly / REUTERS

“Ilgari keksalar bir oylik qurg‘oqchilikdan keyin doim bir oylik suv toshqini bo‘lishini aytishardi. Ammo endi bunday emas – iqlim butunlay buzilgan”, — deydi Alto-Solimoins mikrohududi vakili Barrozu Ortega.

Para shtatida vaziyat yanada og‘irroq. U yerda munduruku hindulari noqonuniy oltin qazuvchilar foydalanadigan simob bilan ifloslangan suvni ichishga majbur bo‘lmoqda. Ularning boshqa tanlovi yo‘q, chunki an’anaviy toza suv manbalari butunlay qurib qolgan. Qurg‘oqchilik u yoki bu tarzda Braziliyaning barcha aholisi sog‘lig‘iga ta’sir ko‘rsatmoqda. Havoda namlik pasaygani sabab nafas olish yo‘llari kasalliklari ko‘paygan, ba’zi hududlarda namlik darajasi hozirgi Sahroi Kabirnikidan ham past.

Ob-havo anomaliyasi braziliyaliklarning hamyoniga ham ta’sir qilmoqda. Masalan, daryolardagi suv sathining pastligi tufayli gidroelektr stansiyalari yopilib, qimmatroq issiqlik elektr stansiyalari bilan almashtirilmoqda. Bu esa o‘z navbatida hukumatni elektr energiyasi uchun to‘lovlarni oshirishga majbur qildi. Bundan tashqari, butun dunyoda apelsin sharbati taqchilligi kutilmoqda, chunki ushbu mevalardan konsentrat ishlab chiqaruvchi dunyodagi eng yirik davlat — Braziliyada hosil kam. Narxlarning misli ko‘rilmagan darajada o‘sishi va bozordagi tanqislik hatto ishlab chiqaruvchilarni o‘tgan yilgi muzlatilgan zaxiralardan sharbat tayyorlash haqida jiddiy o‘ylashga majbur qildi. Ular bu zaxiralarni iqlim o‘zgarishiga ancha chidamli bo‘lgan mandarin daraxti mevalari bilan aralashtirishni rejalashtirmoqda.

Misli ko‘rilmagan qurg‘oqchilik sabablari nimada?

Braziliyadagi dahshatli qurg‘oqchilik 2023 yilda El-Nino iqlim hodisasi tufayli boshlandi. Bu hodisa Tinch okeanining ekvatorial qismidagi yuza suvlarining keskin isishiga olib keldi, natijada Amazonka havzasida yog‘ingarchilik sezilarli darajada kamaydi. Iqlim anomaliyasi 2024 yilga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi, yomg‘irlar mavsumini yumshatib, yog‘ingarchilik davomiyligi va jadalligini kamaytirdi. Bu shundoq ham zarar ko‘rgan hududlardagi vaziyatni yanada og‘irlashtirdi.

Foto: Jorge Silva / REUTERS

Olimlarning fikricha, Braziliyadagi vaziyatga mahalliy omillar, jumladan, o‘rmonlarning kesilishi ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu atmosferada bug‘lanayotgan suv miqdorining kamayishiga olib kelmoqda. Braziliya Milliy kosmik tadqiqotlar instituti mutaxassislari o‘rmonlarning kesilishi va yog‘ingarchilik darajasi o‘rtasidagi bevosita bog‘liqlikni isbotlagan: daraxtlardan tozalangan maydonlarda (hududning 37 foizini tashkil etadi) yomg‘ir yog‘ish darajasi 34 foizga pasaygan.

Buning ustiga, o‘rmonlarning yo‘q qilinishi qo‘shni hududlarga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu hududlar “uchuvchi daryolar” deb ataladigan namlikni tashuvchi shamollar yordamida suv bilan ta’minlanadi. Biroq hozirda bu shamollar yomg‘ir o‘rniga yonayotgan o‘rmonlarning tutuni va qurumini olib kelmoqda. Qurum esa mamlakat hududining 60 foizini qoplab, Argentina hamda Urugvaygacha yetib borish xavfini tug‘dirmoqda.

Uzoq davom etgan qurg‘oqchilikka qaramay, 2024 yil may oyida Braziliya butunlay teskari xarakterdagi falokatga duch keldi: mamlakat janubida 180 kishining umriga zomin bo‘lgan keng ko‘lamli suv toshqini yuz berdi. G‘alati bo‘lsa-da, bu hodisa ham El-Nino ta’siri bilan bog‘lanadi. U sovuq havo frontlarini to‘sib qo‘yib, eng ko‘p zarar ko‘rgan Rio-Grandi-du-Sul shtati ustida yuqori namlikni to‘plagan. O‘z namligini atmosferaga bergan Amazoniya o‘rmonlarining suvsizlanishi mamlakatning janubiy qismida kuchli bo‘ronlarning shakllanishiga olib keldi.

Tabiiy ofatlarni kuzatish va erta ogohlantirish milliy markazi mutaxassisi Ana Paula Kunyaning aytishicha, global isish tufayli bunday hodisalar “yangi iqlim me’yori”ga aylanib boraveradi.

Ko‘proq yangiliklar: