AQShda fermer bahaybat alligatorni otib tashladi

Jahon 11:10 / 07.04.2016 1562

AQShning Florida shtatidagi "Autvest Farms" (Outwest Farms) degan joyda ferma egasi Li Laytsi va uning o‘g‘li Meyson to‘ng‘izlarga ov qilish vaqtida bahaybat alligatorni (timsohsimon jonzot) otib tashlashdi.

"Biz to‘ng‘izlarga ov qilayotganimizda mollar o‘tlaydigan o‘tloqdagi suv havzalaridan birida alligatorga duch keldik. Bu yerlarda alligatorlar ko‘p uchraydi. lekin bunisi juda bahaybat edi", deb voqeani gapirib berdi fermer.

Alligatorning uzunligi 4,5 metr, vazni esa 350 kg ga yaqin bo‘lgan. Alligatorning yonida fermerning 9 yoshli o‘g‘li ancha kichik ko‘rinadi. Fermerning aytishicha, u sudralib yuruvchining go‘shtini xayr-ehson qilmoqchi, terisidan esa tulum yasamoqchi.

Amerika alligatorlari AQShning janubi-sharqidagi Florida va Luiziana shtatlarida yashaydi. Turli ma'lumotlarga ko‘ra, bu shtatlarning har birida millionga yaqin alligator yashaydi. Florida shtati alligator va timsohlar yonma-yon yashaydigan dunyodagi yagona joy hisoblanadi.

Alligatorlar timsohlardan cho‘zilganroq tumshug‘i, ko‘zlarining tanasining yuqoriroqda joylashgani bilan farq qiladi. Ikki turi mavjud: amerika alligatori va xitoy alligatori.

Tarixda qayd qilingan eng katta alligator Luiziana shtatidagi Marsh orolida topilgan va uning uzunligi 5,8 metr, vazni esa tonnaga yaqinni tashkil qilgan. Biroq bu ma'lumotlar mutaxassislarda ko‘plab shubhali savollarni tug‘diradi. Odatda, eng yirik amerika alligatorlari 4,5 metrdan kattaroq o‘sa olmaydi, deb hisoblanadi.

Ko‘proq yangiliklar: