AQShda farzandiga Adolf Gitler deb ism bergan juftlik ota-onalik huquqidan mahrum etildi

Jamiyat 00:10 / 07.04.2016 1920

AQShning Nyu-Jyersi shtatida yashovchi Isidor Xelf Kempbell va uning rafiqasi Joys Lin o‘z farzandlarini Adolf Gitler va Ariy irqi deb ataganlari uchun ota-onalik huquqidan mahrum etildi. Juftlik o‘zi haqida hujjatli film olib, unda tahqirlanganlariga shikoyat qilishgan. Bu haqda News.Com.Au nashri xabar berdi.

Natsistlar g‘oyasini qo‘llab-quvvatlovchi juftlik 2008 yilda o‘z o‘g‘li uchun "Tug‘ilgan kuning bilan, Gitler!" degan yozuvli tortga buyurtma bergandan keyin e'tiborga tushgan. Qandolatchilar bu haqda bolalarni himoya qilish xizmatiga xabar berishgan. Ijtimoiy xizmatchilar shundan keyin juftlikning uyiga tashrif buyurib, ularning farzandlari bilan munosabatlarida hech qanday nojo‘ya harakatlarni aniqlashmagan, biroq Gitler va Ariy Irqi ismli o‘g‘il va qizchani ota-onalaridan tortib olishga qaror qilishgan.

Keyinroq juftlik ota-onalik huquqidan mahrum etilgan. Bolalar otasining aytishicha, u "shunchaki irqiy segregatsiyaga ishonishi" va o‘z farzandlarini umuman mazah qilish niyati bo‘lmaganini aytgan.

Juftlik o‘zining dunyoqarashlarini keng auditoriyaga tushuntirish maqsadida o‘zi haqida "Meet The Hitlers" ("Gitlerlar bilan tanishing") deb nomlangan hujjatli film suratga oldi. Bu film internetda 5 aprelda paydo bo‘ldi.

Segregatsiya – irqiy tahqirlashning bir turi bo‘lib, aholining biror guruhini irqiy yoki etnik mansubligiga ko‘ra majburiy bo‘laklash siyosatidir.

Ko‘proq yangiliklar: