Ma'lumki, aksariyat kishilar kim qattiq mehnat qilsa, samarasini ko‘rishiga ishonishadi. Kompaniya va korxona rahbarlari ham shunday kishilarni yoqtiradi, ularni o‘zlarida ko‘proq saqlab qolishga harakat qiladi, degan xulosa ham bor. Ammo, haqiqatda ham shundaymi? Olimlar shu masalaga oydinlik kiritishga urinib ko‘rishdi.
Albatta, qattiq mehnatining samarasini ko‘rib, kompaniya rahbarligi va shu kabi lavozimlarni egallab kelganlar oz emas. Ammo, statistik ma'lumotlar buning aksini ko‘rsatmoqda. Aksariyat ish beruvchilar qattiq mehnat qiluvchilar o‘rniga o‘z imkoniyatlarini hayotga tatbiq etishni kutib turgan iqtidor egalarini ko‘proq ma'qul ko‘risharkan.
London Universitet kollejining xitoylik olimasi Chia-Yung Tsay o‘tkazgan tadqiqot natijalari shuni isbotlamoqda. Gap shundaki, u Harvard universiteti psixologi Mahzarin Banaji bilan hamkorlikda, 103 nafar professional musiqachiga murojaat etib, ikki musiqa ijrochisi xususida fikrlarini bildirishlarini so‘rashgan. Hakamlar e'tiboriga ularning yozma tavsifnomalari va da'vogarlar ijro etgan Stravinskiy baletidan "Petrushkaning uch harakati"dan lavhalari taqdim etilgan.
Tavsifnomlarning birida, qattiq mehnati samarasi o‘laroq shunday natijalarni qo‘lga kiritgani yozilgan bo‘lsa, ikkinchisi tug‘ma iqtidor sohibi ekanini ishonch bilan ta'kidlagandi. Baholash vaqti yetganida, hakamlarning aksariyati iqtidor sohibiga yuqori baho berib, uning kelajagi porloqligini aytishgan.
Ammo Tsay bu bilan ortga chekinmadi, u iqtidor musiqa sohasida muhim o‘rin tutishi mumkinligini gumon qilib, tadqiqotni boshqa sohalarda ham o‘tkazishga ahd qildi. U, tadbirkorlik sohasida ham shunday izlanishlar olib bordi va natijalar kutganidan boshqacha bo‘lib chiqdi.
Bu safar ham hakamlar e'tiboriga ikki kishi, mehnatsevar va iqtidorli tadbirkor haqidagi tavsifnoma berildi. Hakamlar esa ko‘proq iste'dodli tadbirkorni ma'qul ko‘rishdi. Shunga ko‘ra, Tsayning xulosa qilishicha, garchi ish beruvchilar mehnatsevar kishilarni tanlamay, yaqin kelajakda birmuncha yutuqlarni boy berishsada, uzoq kelajakda iqtidorlilardan ko‘proq foyda ko‘rishadi.