Angliyaning "Manchester Yunayted" jamoasi rahbariyati bosh murabbiy Lui van Gaalga yozgi transferlarda o‘zi istagan xaridlarni amalga oshirishi uchun 100 mln yevro miqdorida mablag‘ ajratadi. Bu haqda Niderlandiyadagi De Telegraaf nashri xabar yozgan.
Manbaning ma'lumotiga ko‘ra, jamoaning yozgi transferlardagi asosiy maqsadi "Everton" hujumchisi Romelu Lukaku bo‘ladi. Unga jamoa 70 mln yevro to‘lashga tayyorligi aytilgan.
Bundan avvalroq, OAVda hollandiyalik murabbiy jamoani tark etishi mumkinligi, uning o‘rnini portugaliyalik mutaxassis Joze Mourino egallashi mumkinligi aytilgandi.
Van Gaal "MYu" bilan 2014 yilning yozida, Niderlandiya terma jamoasidan ketgach shartnoma imzolagandi. U o‘z vaqtida "Ayaks", "Barselona" va "Bavariya" jamoalarida muvaffaqiyatli ravishda ishlagandi.
Uning manchesterliklar bilan amaldagi shartnomasi 2017 yilning yoziga qadar tuzilgan. 64 yoshli mutaxassis "MYu"dan ketganidan keyin faoliyatini yakunlashi haqida ma'lum qilgandi.
Ayni vaqtda, 31 turdan keyin "MYu" Angliya chempionatining beshinchi o‘rinida joylashgan.