Dobersek O‘zbekistonda o‘g‘it ishlab chiqaruvchi zavod qurilishida ishtirok etadi

Iqtisodiyot 19:56 / 05.04.2016 2293

Germaniyaning Engineering Dobersek GmbH kompaniyasi O‘zbekistonning Navoiy viloyatida murakkab o‘g‘itlar ishlab chiqaruvchi zavod qurilishida qatnashadi. Respublika tashqi ishlar vazirligi qoshidagi “Jahon” axborot agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, loyiha qiymati 500 mln dollarga baholanmoqda.

Maqolada yozilishicha, Engineering Dobersek GmbH kimyoviy majmuaning loyihasini taqdim etgan, o‘zbek tomoni unga ba'zi o‘zgartirishlarni kiritgan, endilikda yakuniy loyiha tayyorlanmoqda. 

Agentlik ma'lumotlariga ko‘ra, Qizilqum fosforit majmuasi (uning qurilishida ham Engineering Dobersek GmbH qatnashgan), yangi sanoat markazi uchun xom ashyo bazasi bo‘lib xizmat qiladi. Loyihaning yakuniy namunasini 2016 yil ikkinchi yarmida hukumat tasdig‘iga kiritish rejalashtirilgan.

Zavodning loyihaviy quvvati yiliga 288,5 ming tonna murakkab kimyoviy o‘g‘itlar (monoammoniy fosfat) hamda 650 ming tonna oltingugurt kislotasi ishlab chiqarishni ko‘zda tutadi. Loyihani amalga oshirish muddati 4 yil etib belgilangan. 500 million dollarlik zavod qurilishi xorijiy kreditlar va mahalliy mablag‘lar hisobiga amalga oshiriladi.

O‘zbekiston shuningdek, 2014–2018 yillarda markaziy Qizilqumda fosforli xom ashyoni qazib olishni kengaytirishga xorijiy kompaniyalar ishtirokida 100 million dollar atrofida sarmoya kiritish niyatida. Dasturga muvofiq, Jyeroy koni ko‘rsatkichini 2,4 martaga oshirib, yiliga 3,6 million tonna ruda qazib olish rejalashtirilgan. Bu dastur ichki manbalar hisobiga amalga oshiriladi.

Ko‘proq yangiliklar: