«Barselona» Messini Panamadagi ofshorlar mojarosi bo‘yicha vaziyatda qo‘llab-quvvatlaydi

Sport 09:27 / 05.04.2016 1094

«Barselona» Panamadagi ofshor kompaniyalar mojarosiga aralashib qolgani ma'lum bo‘lgan o‘z futbolchisi Lionel Messini qo‘llab-quvvatlashi haqida e'lon qildi.

«Messiga ayblov qo‘yilishiga asos bo‘layotgan «Panama hujjatlari» paydo bo‘lgan vaqtdan buyon «Barselona» o‘z futbolchisini qo‘llab-quvvatlashni boshladi va unga ishonch bildirdi. Jamoa Messining halolligini isbotlash hamda uni oqlash uchun barcha vositalarni sudga taqdim etishga tayyor», — deyiladi jamoaning rasmiy saytida.

3 aprel kuni Jurnalistlik tekshiruvlari xalqaro konsorsiumi ofshor kompaniyalarni ta'sis etishda yordam beradigan Panamaning Mossack Fonseca yuridik firmasi haqida ma'lumotlarni e'lon qildi.

Deyarli bir yil davom etgan tekshiruvda jurnalistlar Mossack Fonseca firmasining ichki arxividagi 11 millionga yaqin hujjatlar bilan tanishib chiqdi. Mossack Fonseca versiyasi bo‘yicha, 40 yildan buyon faoliyat olib borayotgan ushbu firma hech qanday qonunbuzarlik qayd etmagan va unga nisbatan hech qanday ayblovlar qo‘yilmagan.

Hujjatlarda Mossack Fonseca’ning mashhur va nufuzli insonlarning ofshor kompaniyalari bilan aloqasi borligi ko‘rsatilgan. Masalan, ular orasida 72 nafar amaldagi va sobiq davlat hamda hukumat rahbarlari bor.

Bundan tashqari, Mossack Fonseca hujjatlarida taxminan 20 nafar mashhur futbolchi — «Barselona», «Manchester Yunayted» va «Real» kabi klublarning sobiq va amaldagi futbolchilarining nomlari keltirilgan. Ular orasida «Barselona» hujumchisi Lionel Messi ham bor. Messi va uning otasi Xorxega tegishli Mega Star Enterprises Panamada ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Mossack Fonseca hujjatarida Messi va uning otasiga tegishli kompaniya nomi birinchi marta 2013 yilning 13 iyunida tilga olingan. Bundan bir kun avval esa Ispaniya prokuraturasi Messi va uning otasiga nisbatan soliq firibgarligi bo‘yicha birinchi bor ayblov qo‘ygandi. Elektron xatda aytilishicha, yana bir ofshor agent tashkiloti Mega Star Enterprises hujjatlari bilan shug‘ullanishni Mossack Fonseca’ga topshirgan.

Messining oilasi Mega Star Enterprises kompaniyasiga egalik qilishi haqidagi ma'lumotlar hujjatlarda ikki haftadan so‘ng, 2013 yilning 23 iyunida paydo bo‘ldi.

Messi va Platini ofshor kompaniyalar mojarosiga aralashib qoldi

Messi ofshor mojarosiga aloqadorligi haqidagi xabarlar yolg‘onligini isbotlamoqchi

Ko‘proq yangiliklar: