2016 yil 1 aprel kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining beshinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirdi.
Yalpi majlisning ikkinchi kunini senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2015 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni ko‘rib chiqishdan boshladi. Hisobotni muhokama qilish chog‘ida senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalarni bildirdi.
Shundan so‘ng senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisining O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2015 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotini eshitdi. Senatorlar Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi faoliyatining samaradorligini – ham davlat ekologik nazoratining, ham jamiyat ekologik nazoratining ta'sirchanligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rish yuzasidan taklif va tavsiyalarni bildirdi.
Shundan so‘ng senatorlar O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi va Oliy xo‘jalik sudi tarkibiga o‘zgartishlar kiritish, O‘zbekiston Respublikasining Turkmanistondagi Favqulodda va muxtor elchisini tayinlash to‘g‘risidagi masalalarni hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining vakolatiga taalluqli boshqa masalalarni ko‘rib chiqdi.
Barcha ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining tegishli qarorlari qabul qilindi.
Senatning ikki kunlik majlisi chog‘ida 14ta masala, shu jumladan, demokratik, ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy islohotlarni bosqichma-bosqich va izchil chuqurlashtirishga, Asosiy qomus qoidalarini amalda ro‘yobga chiqarishga, mamlakatdagi investitsiyaviy muhitning o‘ziga jalb etuvchanligini oshirishga, tadbirkorlik sub'yektlari uchun ishchanlik muhiti va qulay shart-sharoitlar yaratishga, aholining turmush darajasini yanada yuksaltirishga, mamlakatimizda barqarorlik hamda farovonlikni mustahkamlashga qaratilgan to‘rtta qonun ko‘rib chiqildi.
Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining beshinchi yalpi majlisi o‘z ishini yakunladi.