Agar suv manbalarini rivojlantirish masalasida jiddiy chora-tadbirlar ko‘rilmaydigan bo‘lsa, 2030 yilga borib Hindiston aholisining deyarli 40 foizi toza ichimlik suvidan mahrum bo‘lishi mumkin. Bu haqda hindistonlik tabiat himoyachisi Rajyendra Singh ma'lum qildi.
Uning so‘zlariga qaraganda, sizot suv manbalarining kamayib borishi tufayli kichik suv arteriyalari 90 foiz qurib qolishi mumkin. Daryolardagi suvlar esa 60-65 foizga kamayib ketadi. Aholi sonining ortib borishi, suvdan unumli foydalanmaslik ham vaziyatni murakkablashtirmoqda. Rajyendra Singhning so‘zlariga qaraganda, Xitoy va AQSh bilan solishtirilganda ekinzorlar uchun Hindistonda ikki barobar ko‘proq suv sarflanadi. Eng ko‘p suv iste'mol qiladigan Bangalor, Dehli, Mumbay kabi shaharlardagi turmush tarzi ham Hindiston suv zaxiralariga ta'sir ko‘rsatadi.
Suv yetishmasligi sabab mamlakatda ijtimoiy nizolar ko‘zga tashlanmoqda. Jumladan, qo‘shni Xaryana va Panjob shtatlarida kelishmovchiliklar yuz bera boshladi. Aholi o‘rtasida to‘qnashuvlar esa Maharashtra shtatida kuzatilmoqda.
“Tahlilchilarnring fikricha, WaterAid xalqaro xayriya tashkiloti tomonidan e'lon qilingan ro‘yxatda ichimlik suvi yetishmasligi borasida Hindiston Xitoyni ortda qoldirdi. Ayni damda Hindiston aholisining 5 foizi, to‘g‘rirog‘i 76 million kishi toza ichimlik suvi bilan ta'minlanmagan. Bu ko‘rsatkich yil sayin o‘sishi aniq”, deydi Singh.
Rajyendra Singh qadimiy hind an'analarini hayotga tatbiq etish yo‘li orqali tabiatni muhofaza qilish borasida o‘z faoliyatini boshlagan edi. U yomg‘ir suvlarini maxsus –“Johoda” (sardobaga o‘xshash) deb nomlanmish inshootlarda to‘plashni yo‘lga qo‘ydi. Shu sababli uni “Hindiston Suv odami” deb atashadi. Singh o‘tgan asrning 80-yillarida Tarun Bharat Sangh jamg‘armasini tashkil qildi. Mazkur jamg‘arma 8600dan ortiq johoda bunyod etdi. Rajyendra Singh Rajaston shtatida qahramon sifatida tan olinadi. U bir o‘zi beshta daryoni tiklashga muvaffaq bo‘ldi. Tibbiyot kollejida tahsil olgan Singh 1985 yilda Alvar qishlog‘iga keladi. Bu yerdagi qadimiy suv saqlash tajribasini ilmiy asosda hayotga tatbiq etgani bois qurg‘oqchilik kuzatiladigan mintaqalardagi ekotizim qayta tiklanishiga hissa qo‘shdi. Bu inshootlar yillar davomida bir nechta aholi punktlarini suv bilan ta'minlab keldi. Tahlilchilarning fikricha, Rajyendra Singhning tajribasi oddiy va tejamli bo‘lib, aslo suv toshqinlariga sabab bo‘lmaydi. Balki suv negizini qayta tiklaydi, yovvoyi tabiatga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi. Radjyendra Singh mamlakatning barcha shtatlarida o‘z tajribasini tatbiq etdi. Shu sababli ham Stokgolm Xalqaro Suv institutining mukofotiga sazovor bo‘ldi.
Stokgolm Xalqaro Suv mukofoti 1990 yilda ta'sis etilgan bo‘lib, xalq tilida “Suv bo‘yicha Nobel mukofoti” deyiladi.
Har bir mintaqaning o‘ziga xos “o‘lik daryosi” bo‘ladi. Nafaqat Osiyodagi, balki dunyodagi eng iflos daryo sifatida Ganga oldingi o‘rinlarni egallab turibdi. Hindlar uchun muqaddas bo‘lmish mazkur daryo bo‘ylarida 500 milliondan ortiq kishi istiqomat qiladi. Har kuni daryoga million tonna chiqindi tashlanadi. Daryoni tozalashga qaratilgan “Ganga Action Plan” hukumat rejasi ham ish bermadi. Diniy udumlar ham daryoning ifloslanishiga sabab bo‘lmoqda. Har yili 700 millionga yaqin kishi muqaddas daryoda diniy amallarni bajaradi. Daryo suvidan ichgan millionlab odamlar, asosan bolalar yuuqmli kasalliklarga chalinib, yorug‘ dunyo bilan vidolashadi.
Olimlarning fikricha, har yili o‘rtacha ikki million kishi toza ichimlik suvi yetishmasligidan vafot etmoqda. Agar vaziyat shu darajada ketadigan bo‘lsa, yana 15 yildan keyin yer shari aholisining deyarli teng yarmi suv resurslari yetishmaydigan mintaqalarda istiqomat qiladi.
Vaziyatni o‘rganayotgan mutaxassislarning fikricha, ichimlik suvi bilan bog‘liq muammolar nafaqat Hindistonda balki Afrika va Yaqin Sharqning bir qator mamlakatlarida ham ko‘zga tashlanmoqda. Bu jarayon “Iqlim migratsiyasi” deb nom oldi. Bugungi kunda toza ichimlik suvi ilinjida minglab aholi o‘zlari istiqomat qilayotgan maskanlarni tark etmoqda.
“Bundan keyin suv yetishmasligi turli mojorolarga sabab bo‘lishi aniq”, demoqda tahlilchilar. Yevropadagi bir qator mamlakatlar, jumladan Ispaniya, Janubiy Amerikada esa Chili ham suv muammosiga duchor bo‘ladi. BMT ma'lumotlariga ko‘ra, 2030 yilda suv muammosi Yer shari aholisining teng yarmini qamrab oladi.
Sharofidin To‘laganov