Sherzod Ismatullayev Sirdaryo viloyati hokimining ma'muriy masalalar, huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish, o‘zini o‘zi boshqarish organlari va yoshlar siyosati masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan. Bu haqda viloyat hokimligi saytida ma'lum qilingan.
Ismatullayev Sherzod Shuxratullayevich 1974 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. U 1996 yilda Toshkent temir yo‘l transporti muhandislari institutini tamomlagan va shu vaqtdan beri «O‘zbekiston temir yo‘llari» tizimida faoliyat ko‘rsatib kelgan.
Yangi lavozimiga tayinlanguniga qadar u 2014—2016 yillarda «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati bosh menejyeri – bosh muhandisi sifatida ishlagan. Undan oldinroq, 2009—2014 yillarda esa «O‘zbekiston temir yo‘llari» boshqaruvi raisi o‘rinbosari sifatida faoliyat ko‘rsatgan.
Eslatib o‘tamiz, Prezidentning 24 fevraldagi qarori bilan viloyatlar, Toshkent shahri, shaharlar va tumanlar hokimiyatlarining boshqaruv apparatining yangilangan tuzilmasi tasdiqlandi. O‘zgarishlarga ko‘ra, viloyatlar va poytaxt hokimlari o‘rinbosarlari soni hokimning ma'muriy masalalar, huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish, o‘zini o‘zi boshqarish organlari va yoshlar siyosati bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimining joriy etilishi hisobiga besh nafardan olti nafarga oshirildi.