“Sen Yolg’iz Emassan” fondi homiyligida o‘zbekistonlik pediatrlar Fransiyada malaka oshirib qaytishdi

Jamiyat 12:23 / 27.03.2016 2098

2015 yilning iyul va dekabr oylarida “Sen Yolg’iz Emassan” fondi hamda Fransiyaning “Umid rishtalari” uyushmasining o‘zaro hamkorligi doirasida fransiyalik shifokorlar o‘zlarining o‘zbekistonlik hamkasblari bilan birgalikda tug‘ma yurak nuqsonlari bilan xastalangan Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari va kam ta'minlangan oila farzandlariga bir qator murakkab operatsiyalarni amalga oshirgandi.

O‘zbekistonda bolalar kardiojarrohligini rivojlantirish sohasidagi hamkorlikni davom ettirish maqsadida ushbu fransuz uyushmasi Akademik V.Voxidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan jarrohlik markazi shifokorlarini Fransiyaning Nant shahridagi Pediatriya markaziga malaka oshirish uchun taklif etdi. Bu haqda Lola Karimova-Tillayevaning feysbukdagi sahifasida ma'lum qilingan.

Mazkur tashabbus “Sen Yolg’iz Emassan” fondi tomonidan qo‘llab quvvatlanib, professor kardiojarroh Hakimjon Abralov, bolalar kardiojarrohi Omonjon Alimov, kardiolog Bunyod Akbarxonov va bolalar kardioreanimator-anesteziologi Alisher Haydarovdan iborat shifokorlar guruhining Fransiyaga safari fond tomonidan moliyalashtirildi.

Joriy yilning mart oyida bo‘lib o‘tgan ushbu safar, o‘z navbatida, shifokorlarga bolalar kardiojarrohligidagi va kardioreanimatsiyasidagi zamonaviy uslub va yo‘nalishlar bilan bevosita amaliyotda tanishish ikoniyatini yaratib berdi.

"Shifokorlarning ushbu safari va yetakchi mutaxassislar tajribasini o‘rganish imkoniyati O‘zbekistonda bolalar kardiojarrohligini taraqqiy ettirishda muhim qadam bo‘lib xizmat qilib, shifokorlarga kelajakda murakkab operatsiyalarni o‘z vaqtida bajarishga, va bu bilan bolalarlarning hayotini saqlab qolishga imkoniyat yaratib beradi, deb umid qilamiz", deyliladi xabarda.

Ko‘proq yangiliklar: