Taniqli o‘zbek kinorejissyori Yusuf Roziqov Rossiyaning "Sputnik" nashriga intervyu berib, unda o‘zbek kinosining bir qator kamchiliklari va zamonaviy tomoshabining didsizligi muammosiga to‘xtalib o‘tdi.
Kinorejissyor Yusuf Roziqov — ko‘plab xalqaro festivallar laureati, "O‘zbekfilm" kinostudiyasining sobiq rahbari bo‘lib ishlagan. Milliy kinosanoatning jahon kinotadbirlarga chiqishini aynan uning nomi bilan bog‘lashadi. Shuningdek, Yusuf Roziqov "Gastarbayter" va "Moskvaboddan qochish" kabi dolzarb filmlar muallifidir. "Sputnik" muxbiri rejissyor bilan ijod yo‘li va o‘zbek kinosanoatining kelajagi haqida suhbatlashdi.
Suhbat chog‘ida rejissyorning o‘tkir ijtimoiy mavzularga qo‘l urganligiga alohida to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, uning "Gastarbaytar" filmi Rossiya kinoprokatida yaxshi natijalarga erishdi. Filmda sobiq sovet ittifoqi mamlakatlaridan kelgan turli millat vakillari turfa yo‘llar bilan Moskvada ko‘rishib qolishlari va bu shaharni o‘z vatanlari deb qabul qilishlari hikoya qilinadi. Ushbu filmga to‘xtalar ekan, muxbir nega ularni o‘z ona vatanlari qabul qilmasligini so‘raydi. "Vatan ularni tarbiyalaydi, chiniqtiradi. Ular Rossiyaga kelib o‘zlarini "ko‘rmaganning ko‘rgani qursin" qabilida tutadilar va o‘zligini yo‘qotgan kimsalarga aylanadilar", deb javob berdi.
Rejissyor "Moskvaboddan qochish" filmi to‘g‘risida gapirar ekan, "Bugungi kunda Rossiyada ikkitagina millat: moskvaliklar va Rossiyaning qolgan aholisi",— deydi
"O‘zbek kinosining kelajagi bormi?", degan savolga milliy kinosanoatimizdagi kamchiliklarni sifatli hikoyalar to‘plamlarining kamligi bilan izohladi. U, shuningdek, milliy kinomiz rivojidan xursand bo‘lishini, lekin kinosanoatni rivojlantirish uchun avval adabiyotni taraqqiy ettirish kerakligini alohida ta'kidladi. O‘zbek kinosanoatidagi yana bir muammo tomoshabinning didsizligi bo‘lib, zamonaviy yoshlar dolzarb muammolar ko‘tarilgan kinoasarlarni emas, balki yengil-yelpi filmlarga o‘rganib qolayotganiga ishora qildi.
"O‘zbek kinosi Kann festivalida ishtirok etishi mumkinmi?", degan savoliga "Masalaning yechimi bor. Men "O‘zbekfilm"ning rahbari bo‘lganman va milliy kinoni jahon maydoniga olib chiqqanman. Bu qiyin bo‘lmagan. Shunchaki mavzuni to‘g‘ri yo‘nalishda tanlay bilish kerak", — deb javob qaytardi.