Saudiya Arabistonida kinofestival ochilishi bo‘lib o‘tdi

Jahon 14:49 / 26.03.2016 1578

Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan tanatanali marosim mamlakatning sharqiy qismida joylashgan Ad-Damam shahrida o‘tkazildi.

"Biz Saudiya kinosanoatini yuksaltirmoqchimiz, uni yanada yaxshilash niyatidamiz", — dedi festival rahbari Ahmad al-Mulla. Saudiya OAVning ta'kidlashicha, marosim ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi, ular hukumatning kinoteatrlar qurilishiga ruxsat berishiga umid bildirdilar. "Bizni yoshlar faol qo‘llab-quvvatlamoqdalar, — dedi tashkilotchi. — Ularni esa to‘xtatib bo‘lmaydi".

Tanlash imkoniyatining yo‘qligi sabab bugungi kunda internet saudiyaliklarning yagona ko‘ngilochar hududiga aylangan, chunki televideniye davlat tomonidan nazorat qilinadi. Xususan, saudiyalik yoshlar You Tube xizmatiga murojaat qilmoqdalar. Statistik ma'lumotlarga ko‘ra, mamlakat aholisi bir kunda 90 million videorolik tomosha qilar ekan, ularning aksariyatini hajviy tasmalar tashkil etadi.

Festival, albatta, jiddiy muhitda o‘tdi. Ko‘p rejissyorlar diniy ekstremizm g‘oyasiga murojaat qilmoqdalar. Saudiyalik yosh rejissyor Rakan al-Harbiyning "Qalblarni zabt etib" nomli filmi juda katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Ushbu qisqa metrajli film yaqinda masjidga qilingan hujum haqida bo‘lib, "terroristlar muzeyi" tarixini hikoya qiladi. Festivalda umumiy hisobda 70 ta film ishtirok etdi.

Marosim ochilishida 400 kishi qatnashdi, deb xabar beradi Gulf News. Ko‘pchilik uchun bu nafaqat katta ekranda film tomosha qilish , balki o‘zini ko‘rsatish imkoniyatini berdi. Mazkur tadbir sharofati bilan aksariyat erkaklar an'anaviy dishdosh (uzun ko‘ylak)laridan voz kechib, zamonaviy kiyimlarda tashrif buyurishdi. O‘z navbatida, ayollar ham niqob (faqat ko‘z qismi ochiq bo‘lgan ayollar bosh kiyimi)larda emas, ro‘molda namoyon bo‘lishdi. Shunga qaramay, asosiy qoidalarga rioya qilingan holda erkaklar zalning oldi qatorlarida o‘tirishdi.

Ko‘proq yangiliklar: