Britaniyaning yuzlab yetakchi tadbirkorlari va moliyachilari mamlakatning Yevropa Ittifoqidan chiqishini qo‘llab-quvvatlamoqda

Jahon 22:24 / 26.03.2016 888

Buyuk Britaniyaning 250 nafar yetakchi tadbirkorlari va moliyachilaridan iborat guruh yozda bo‘lib o‘tadigan referendumda mamlakatning Yevropa Ittifoqidan chiqishini qo‘llab-quvvatlashlarini ma'lum qildilar. Mahalliy tahlilchilarning ta'kidlashicha, bu qadam Yevropa Ittifoqiga shubha bilan qaraydiganlarning navbatdagi yutug‘i bo‘ldi. Bunday fikrlovchilarning soni tobora oshib bormoqda.

Ularning orasida HSBC bankining sobiq rahbari Maykl Jogegan, gastropablar tarmog‘i egasi JD Wetherspoon Tim Martin, shuningdek taniqli oteler ser Rokko Forte bor. Ulardan tashqari, ushbu guruhning yetakchilaridan biri Britaniya savdo palatasining sobiq rahbari Jon Longvort hisoblanadi. U mamlakatning Yevropa Ittifoqidan chiqishini ochiqchasiga qo‘llab-quvvatlagani uchun o‘z lavozimini tark etishga majbur bo‘lgandi.

"Bu butun bir avlod uchun eng muhim siyosiy bahs bo‘lmoqda. Biznes bu masala borasida bo‘lindi, shuning uchun hamma tadbirkorlarning fikrini eshitish muhimdir. Chunki ko‘plab kompaniyalar haqiqatan ham Yevropa Ittifoqi rahbariyati tomonidan o‘z ishlariga muntazam aralashishlarga hamda tor doiradagi biznesmenlargina foyda ko‘radigan shubhali qoida va me'yorlarga ko‘nikib kelishlariga to‘g‘ri kelmoqda", deb hisoblamoqda Longvort.

Fevralda esa mamlakatning bir qator yirik kompaniyalari rahbarlari, aksincha, Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqida qolishini qo‘llab-quvvatlab chiqishgandi. Ular orasida Rio Tinto va Billiton tog‘-kon kompaniyalari, Vodafone va BT telekommunikatsiya kompaniyalari, BAE Systems mudofaa kompaniyasi, HSBC banki, EasyJet aviakompaniyasi, Jaguar Land Rover avtomobil kompaniyasi, Marks and Spencer chakana savdo kompaniyasi, Xitrou va Gatvik aeroportlari rahbarlari bor.

Ko‘proq yangiliklar: