Tadqiqot: Jahonda har yili 14 mingga yaqin ayol zo‘ravonlik qurboniga aylanmoqda

Jahon 10:11 / 25.03.2016 1932

Tahlilchilarning aytishicha, har yili jaxonda 14 mingga yaqin ayol eri yoki yaqin qarindoshi tomonidan o‘ldirilmoqda. Zo‘ravonliklar bilan bog‘liq jinoyatlarining 40 foiziga yaqini oilalarda sodir etilishi aniqlangan. Shu sababli oiladagi zo‘ravonliklar zamonaning jiddiy muammolaridan biri ekani tan olinadi. Bu kabi ko‘rinish maishiy zo‘ravonlik, oiladagi zo‘ravonlik, gender zo‘ravonligi deb xam ataladi.
Oilaviy zo‘ravonlik dunyodagi eng ko‘p tarqalgan jinoyat sanaladi. Oilaviy zo‘ravonliklarning 96 foizida ayollar va bolalar jabr ko‘radi. Zo‘ravonliklar kattalar tomonidan amalga oshiriladi, ammo jafosini bolalar chekadi. Kuzatuvchilarning fikricha, oiladagi zo‘ravonliklar iqtisodiy taraqqiyoti qanday bo‘lishidan qat'i nazar, jahondagi barcha mamlakatlarda uchraydi. Zo‘ravonlik aholining barcha tabaqalari o‘rtasida qayd qilinishi tan olinadi. Oilaviy zo‘ravonliklar bilan bog‘liq muammolarga o‘tgan asrning 60-yillaridan boshlab e'tibor qaratib kelinadi. O‘shanda Yevropa va Amerikada xotin-qizlarni zo‘ravonliklardan himoya qilish maqsadida turli jamoat tashkilotlari tashkil etila boshlandi. Shu o‘rinda Londonda 1971 yilda “Kaltaklangan ayollar harakati” tuzilganini eslatib o‘tish mumkin. Ular uchun maxsus ixtisoslashtirilgan markazlar paydo bo‘ldi. So‘nggi yillarda esa bir qator mamlakatlarda oilaviy zo‘ravonliklar uchun mas'uliyatni belgilovchi qonunlar qabul qilindi. 2004 yilda Buyuk Britaniya, va Shveytsariyada, 2008 yilda esa Sloveniyada oilaviy zo‘ravonliklarga qarshi kurashga bag‘ishlangan qonun qabul qilindi. Bugungi kunda 60ta mamlakatda oilaviy zo‘ravonliklarga bag‘ishlangan qonun qabul qilingan. Bu borada Fransiya va Bolgariyaning tajribasiga ko‘pchilik qiziqish bildiradi.

1995 yilda Xitoy poytaxti Pekinda Xotin-qizlar muammolariga bag‘ishlangan IV Jahon konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Anjumanda qabul qilingan Pekin platformasida davlat idoralari ayollar ahvoli yuzasidan muntazam monitoring olib borishi, oilaviy zo‘ravonliklarga qarshi kurashayotgan tashkilotlar va davlat tuzilmalari o‘zaro hamkorlik qilishi ta'kidlanadi.

Dunyoda zo‘ravonliklar tufayli halok bo‘lgan ayollarning 33-50 foizi erlarining kaltaklari tufayli vafot etadi. Bu o‘z navbatida, nozik jins vakillarini maishiy jinoyatlardan himoya qilish davr talabi ekanini ko‘rsatib turibdi. Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, ayollarni zo‘ravonliklardan himoya qilish yo‘lida hali ko‘p ish qilinishi kerak bo‘ladi. Londondagi gigiyena va tropik tibbiyot maktabi xodimi Xaydi Stekl va uning hamkasblari so‘nggi 20 yilda jahoning turli mamlakatlarida oiladagi zo‘ravonliklarni o‘rganib, tahlil qilishdi. Ular 169 mamlakatdagi xotin-qizlarning o‘limi bilan bog‘liq 500 mingta ishni o‘rganib chiqishdi. Ma'lum bo‘lishicha, yer yuzidagi har yettitadan bitta qotillik oilada yuz beradi. Shundan 38 foizidan ko‘prog‘i erkaklar aybi bilan sodir etiladi. Ayollar atigi 6 foiz hollarda o‘z turmush o‘rtoqlarini o‘ldirgani aytiladi. Eng qizig‘i oilaviy zo‘ravonliklar eng ko‘pi G‘arb va Janubiy-Sharqiy Osiyodagi iqtisodi taraqqiy etgan mamlakatlarda qayd qilinadi. Ayollarga nisbatan oilaviy zo‘ravonliklar eng ko‘p miqdorda Afrika qit'asida ham kuzatiladi. Bu qit'a mamlakatlarida istiqomat qilayotgan ayollarning 45,6 foizi zo‘ravonliklardan aziyat chekadi. Yevropa mamlakatlarida bu ko‘rsatkich o‘rtacha 27,2 foizni tashkil qiladi. Bu iqtisodiy jihatdan taraqqiy etgan mamlakatlarda ayollar xavfsiz hayot kechiradi, degan ma'noni anglatmaydi. Yuqori daromadga ega mamlakatlardagi ayollarning har uch nafaridan biri (32,7 foizi) o‘z hayotida bir marta bo‘lsa ham zo‘ravonliklar bilan to‘qnash keladi. Biroq, olimlar bu nisbiy ko‘rsatkich ekanini, aslida oilaviy zo‘ravonliklar asosida yuz beradigan qotilliklar ancha ko‘p ekanini aytishadi. Chunki statistikada o‘lim nima asosida yuz bergani ko‘p hollarda aytilmaydi.

Tahlilchilarning fikricha, jahondagi har uch ayoldan biri o‘z umri davomida bir marta turmush o‘rtoqlari tomonidan kaltaklanadi. Bu boradagi hisobot Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan tarqatildi. Tashkilot bosh direktori Margaret Chenning ta'kidlashicha, xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonliklar sog‘liqni saqlash tizimida epidemiya tusini olgan global muammolardan biriga aylanib bormoqda.

Zo‘ravonliklardan aziyat chekkan ayollarning 42 foizi tan jarohati olib, tibbiyot xodimlariga yordam so‘rab murojaat qiladi. Mutaxassislarning fikricha, zo‘ravonliklar nozik jins vakillarining, ayniqsa homilador ayollarning salomatligiga, ruhiyatiga jiddiy ziyon yetkazadi.

Sharofidin To‘laganov

Ko‘proq yangiliklar: