Suriyada Rossiyaning 6-harbiysi halok bo‘ldi

Jahon 06:55 / 25.03.2016 795

Rossiya qurolli kuchlarining harbiysi Suriyada terrorchilarga tegishli obektlarni aniqlab, Rossiya aviatsiyasi zarbalarini ularga yo‘naltirish bo‘yicha vazifani bajarayotganda halok bo‘ldi.

"Tadmor (Palmira, Xoms viloyati) aholi punkti hududida Rossiya samolyotlarining IShID jangarilari obektlariga zarbalarini yo‘naltirish bo‘yicha maxsus vazifani bajarayotganda Rossiya qurolli kuchlarining maxsus operatsiyalar zobiti halok bo‘ldi", deb aytdi "Interfaks" axborot agentligiga Xmeymimdagi Rossiya bazasining vakili.  

Maxsus jangchi Palmira hududida bir hafta davomida jangovar vazifani bajarib kelgan. Zobit terrorchilarga tegishli muhim obektlarni aniqlab, ularning koordinatalarini zarba berish uchun Rossiya aviatsiyasiga bergan.

"Terrorchilar tomonidan aniqlanib, o‘rab olingan harbiy xizmatchimiz qahramonlarcha halok bo‘ldi", deb qo‘shimcha qildi vakil.

Zobit Rossiyaning Suriyadagi operatsiyasi davomida halok bo‘lgan rossiyalik 6-harbiy bo‘ldi. Uning ismi hozircha ma'lum qilinmadi.

2015 yil oktabrda Suriyada xizmat o‘tayotgan Vadim Kostenko o‘z joniga qasd qilgandi, 24 noyabrda turk aviatsiyasi tomonidan urib tushirilgan Su-24 samolyoti uchuvchisi Oleg Peshkov, uni qutqarish bo‘yicha operatsiyada ishtirok etgan dengiz piyoda askari Aleksandr Pozinich halok bo‘lgan. 17 martda Rossiya prezidenti Suriyada halok bo‘lgan yana ikki harbiy: Ian Cheremisin va Fyodor Juravlyovlarning nomlarini ma'lum qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: