ShHT: Tinchlik, barqarorlik va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik

O‘zbekiston 22:34 / 25.03.2016 7125

Bugungi kunda O‘zbekiston Shanxay hamkorlik tashkilotiga raislik qilmoqda. Mamlakatimizda ShHTga a'zo davlatlar rahbarlari kengashining majlisi hamda ushbu nufuzli anjuman doirasidagi boshqa tadbirlarni yuqori saviyada o‘tkazish uchun qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. Bu haqda «O‘zA»

Bu mas'uliyatli vazifa ShHT tashkil topganining 15 yilligiga to‘g‘ri kelganida chuqur ramziy ma'no bor. Zero, mamlakatimizning raisligi davrida amalga oshirilgan keng ko‘lamli va izchil ishlar ushbu tuzilma nufuzini yuksaltirish, uning faoliyatini takomillashtirish, mintaqada tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Ta'kidlash joizki, shiddat bilan o‘zgarib borayotgan hozirgi zamonda dolzarb muammolarni hal qilishda, xavfsizlik, barqarorlik va taraqqiyotni ta'minlashda ShHTning roli va ta'siri oshib bormoqda. Bunda tashkilot sammitlarida ShHTga a'zo mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash, siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy-gumanitar sohalarda samarali hamkorlikni rivojlantirish, mintaqada tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlashga alohida e'tibor qaratilayotgani muhim ahamiyat kasb etmoqda.

ShHTning 2010 yil 11 iyun kuni Toshkentda o‘tgan o‘ninchi majlisi mazkur masalalar keng muhokama etilgani bilan ShHT tarixidan munosib o‘rin olgan. Unda tashkilotga a'zo davlatlar rahbarlari, kuzatuvchi va O‘zbekiston tomoni taklif etgan davlatlar vakillaridan tashqari, BMT, MDH va boshqa xalqaro tashkilotlardan yuqori martabali vakillar qatnashgan.

Sammit kun tartibidan ShHT va uning organlari faoliyatini takomillashtirish, tashkilotga a'zo davlatlar o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy va gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirish, terrorizm, diniy ekstremizm va ayirmachilikka, narkotik moddalar va qurol-yarog‘ kontrabandasiga, ommaviy qirg‘in qurollarining tarqalishiga qarshi birgalikda kurashish, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash masalalari, Afg‘onistondagi vaziyat o‘rin olgan edi.

Prezidentimiz Islom Karimov ushbu sammitdagi nutqida ShHTni rivojlantirish va xalqaro maydondagi nufuzini yuksaltirish bo‘yicha, tashkilotning bosh maqsadlari – tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlashga, ShHT davlatlarining barqaror iqtisodiy taraqqiyotini ta'minlashga, gumanitar va ijtimoiy sohalardagi hamkorligini kengaytirishga erishish yo‘lida tashkilotning roli va imkoniyatlarini oshirish borasida chuqur o‘ylangan, qat'iy va aniq maqsadlarga yo‘naltirilgan jarayon davom etayotganini alohida ta'kidladi.

Xalqaro tashkilotlar bilan sheriklik aloqalarining o‘rnatilishi ShHT rivojida muhim bosqich bo‘ldi. 2010 yil aprel oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Pan Gi Munning mamlakatimizga tashrifi chog‘ida imzolangan ShHT va BMT kotibiyatlari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi Qo‘shma deklaratsiya Shanxay hamkorlik tashkilotining mazkur global tuzilma bilan o‘zaro aloqalariga poydevor qo‘ygan muhim hujjat bo‘ldi.

Globallashuv va turli tahdidlar kuchaygan hozirgi zamonda hech bir muammoni alohida bir davlatning sa'y-harakati bilan yechib bo‘lmaydi. Shu ma'noda, ShHT bilan BMT o‘rtasidagi hamkorlik ikki tomon uchun ham muhim masalalarni yechishda bahamjihat harakat qilishga keng yo‘l ochdi. BMTning Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi, Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi kabi tuzilmalari ShHT bilan samarali hamkorlik qilib kelmoqda.

O‘zbekiston ko‘p tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikka alohida e'tibor qaratmoqda. Xususan, ShHT uchun transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish ustuvor masalalardan sanaladi. Bu borada "Navoiy" erkin industrial-iqtisodiy zonasi imkoniyatlaridan samarali foydalanilmoqda. Markaziy Osiyoda yangi qo‘shma loyihalar amalga oshirilgani, ishlab chiqarish korxonalari, avtomobil, temir yo‘l va havo transporti kommunikatsiyalarini barpo etish ko‘paygani sayin ShHT mamlakatlari uchun "Navoiy" erkin industrial-iqtisodiy zonasining ahamiyati ortib boraveradi.

Bugungi kunda nafaqat xomashyo yetishtirish va qayta ishlash, balki yuqori texnologiyalar, yuksak darajada qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil qilish barqaror rivojlanishning muhim omillaridandir. Mamlakatimiz bu borada qo‘shma loyihalar tuzish va ularni hayotga tatbiq etishga alohida e'tibor qaratib kelmoqda.

ShHTga a'zo davlatlar rahbarlari kengashining 2010 yilgi Toshkent sammitida mazkur masalalar, shuningdek, moliya muassasalari, banklar, birjalar o‘rtasidagi hamkorlik va axborot almashuvini rivojlantirish borasidagi ishlar ham ko‘rib chiqildi. Mintaqaviy hamkorlik ko‘lamini kengaytirish maqsadida savdo-iqtisodiy munosabatlar rivojiga to‘siq bo‘layotgan omillarni bartaraf etish, biznes sub'yektlari o‘rtasida bevosita aloqalarni keng qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish yuzasidan fikr almashildi. Transport kommunikatsiyalari, agrosanoat, yuqori texnologiyalar sohalarida sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlardan ekani ta'kidlandi.

ShHT doirasida ko‘p tomonlama hamkorlik strategiyasi va uning ustuvor yo‘nalishlari, jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi ta'sirini yumshatish va oqibatlarini bartaraf etish, iqtisodiy va ijtimoiy sohalardagi hamkorlik aloqalari, shuningdek, dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar sammit ishtirokchilarining diqqat markazida bo‘ldi. Unda ShHTga a'zo davlatlar rahbarlari bilan birga, kuzatuvchi maqomidagi mamlakatlar delegatsiyalari rahbarlari, xalqaro tashkilotlarning vakillari qatnashgani bu masalalarning naqadar muhim ekanidan dalolat beradi.

Majlisda Markaziy Osiyo mintaqasidagi vaziyat, xavfsizlik masalalari, jumladan, axborot xavfsizligini ta'minlash, axborot xurujlariga qarshi birgalikda kurashish muammolari ham atroflicha muhokama etildi.

Sammitda ShHTning Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi, ShHTga yangi a'zolar qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom hamda tashkilot protseduralari qoidalari tasdiqlandi. Bu hujjatlar tashkilotning va unga a'zo davlatlarning rivojlanishida birdek muhimdir.

O‘zbekistonning ShHTni rivojlantirish strategiyasini belgilashdagi hamda xalqaro siyosatga oid ko‘plab masalalar bo‘yicha faol pozitsiyasi yuksak samaralar bermoqda. Xususan, ShHTning 2010 yilgi Toshkent sammiti muvaffaqiyatli o‘tishida O‘zbekistonning rais sifatidagi faoliyati muhim omil bo‘ldi. Bu davrda O‘zbekiston ShHTga a'zo davlatlar o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish, tashkilotning xalqaro mavqeini yuksaltirish borasida ulkan ishlarni amalga oshirdi. Bu ShHT a'zolari tomonidan e'tirof etildi.

Umuman aytganda, mamlakatimizning Shanxay hamkorlik tashkilotiga raisligi tashkilotni rivojlantirish va uning xalqaro maydondagi nufuzini yanada yuksaltirishda alohida ahamiyat kasb etmoqda. Bu ShHTga a'zo davlatlarning mintaqada tinchlik, barqarorlik va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorligini mustahkamlash va yangi bosqichga olib chiqishda muhim omildir.

Ko‘proq yangiliklar: