Bryussel politsiyasi tomonidan hibsga olingan kishining 22-mart kungi teraktlarga aloqasi bo‘lishi mumkin. Bu haqda De Standaard xabar qilmoqda. Erkak kishi Bryusselning Forest tumanidagi uylardan birida o‘tkazilgan tintuvdan so‘ng qo‘lga olingan.
De Morgen nashrining ma'lumotlariga ko‘ra, shahar prokuraturasi mazkur xabarni tasdiqlagan. Ma'muriyat kun davomida qo‘shimcha axborotlarni taqdim etishi kutilmoqda. 24-mart kuni Belgiya politsiyasi tomonidan o‘tkazilgan bir necha aksilterror amaliyotlar natijasida 6 kishi qo‘lga olingan edi.
22-mart kuni Bryussel aeroporti va metrosida sodir etilgan portlashlar oqibatida 31 kishi qurbon bo‘lib, 300 nafar odam jarohatlangani xabar qilingan edi. Teraktlarni 3 nafar xudkush amalga oshirgan.