Rossiya qo‘mondonligi Suriyadagi operatsiyada Rossiya maxsus kuchlarning ishtirok etganini tan oldi

Jahon 00:26 / 24.03.2016 1391

Rossiya qurolli kuchlarining Suriyadagi guruhi qo‘mondoni general Aleksandr Dvornikov Suriya hududida Rossiya maxsus kuchlari harakat qilishini tan oldi. Uning aytishicha, maxsus kuchlar "Rossiya aviatsiyasi zarbalar berishi uchun obektlarni yaxshilab razvedka qilish, chekka joylarda samolyotlarni nishonlarga to‘g‘rilash, turli maxsus vazifalarni bajarish bilan shug‘ullanmoqdalar.

"Biroq shuni ham nazarda tutish kerakki, Suriyada AQSh qurolli kuchlari, koalitsiyaning boshqa davlatlarining xuddi shunday bo‘linmalari ham turli vazifalarni bajarmoqda", deb qo‘shimcha qildi general.

Dvornikov Rossiya maxsus kuchlarining harakatlari haqida "Rossiyskaya gazeta" nashriga bergan intervyusida "Rossiyalik harbiylar Suriyada quruqlikdagi operatsiyalarda ishtirok etmoqdami?" degan savolga javoban gapirib bergan.

Dvornikov, shuningdek, Suriyada terrorchilar safida jang qilgan, Rossiyadan chiqqan 2 mingga yaqin odam o‘ldirilganini aytdi, ularning orasida 17 nafar dala qo‘mondoni bo‘lgan.

"Umuman gapirilganda, harbiy operatsiyalar davomida Suriya qo‘shinlari havodan qo‘llab-quvvatlash yordamida 400 ta aholi punktini jangarilardan ozod qildi. Terrorchilik guruhlarining salohiyati ikki barobarga kamaydi, ular tashabbusni qo‘ldan chiqardilar, ular nazorat qilayotgan hudud esa 10 ming kvadrat kilometrga kamaydi", deb ta'kidlab o‘tdi Dvornikov.

Fevralda Checheniston rahbari Ramzon Qodirov "Rossiya 1" telekanali efirida Suriya hududida Checheniston maxsus kuchlarining jangchilari harakat qilayotganini aytgandi. Qodirovning aytishicha, IShID ichida ayg‘oqchilik tarmog‘i yaratilgan: maxsus kuchlar jangchilari terrorchilar haqida ma'lumot to‘playdilar hamda bombardimon qilish uchun nishonlarni aniqlaydilar.

Ko‘proq yangiliklar: