24 mart kuni kechki payt Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQSh Davlat kotibi Jon Kerri bilan uchrashadi. Bu haqda rossiyalik rahbarning matbuot kotibi Dmitriy Peskov xabar berdi.
“Kun tartibi qat'iy belgilanmagan. Tabiiyki, birinchi navbatda e'tibor qaratiladigan mavzular to‘plami bor. Bular, albatta, Suriya masalasi hamda Minsk kelishuvlarini amalga oshirish holati yuzasidan fikrlar almashinuvi”, - deb uchrashuvga izoh berdi Peskov.
Putin oxirgi marta Kerri bilan 2015 yil dekabrda uchrashgan. Prezident AQSh Davlat kotibining Suriya mojarosini hal etish borasidagi urinishlarini maqtagan edi. Amerika diplomatiyasi rahbari ham, o‘z o‘rnida, Vashington Rossiyani diplomatik izolyatsiya qilish niyati yo‘q ekanini bildirgan.