O‘zbekiston Rossiyada meva va sabzavot sotishga ixtisoslashgan savdo uylari tashkil qilishni rejalashtirgan. Bu haqda “O‘zulugurjisavdoinvest” vakiliga asoslanib, Sputnik agentligi xabar tarqatgan.
Manbaning ma'lumotiga ko‘ra, bugungi kunda Rossiyada uchta shunday savdo uylari faoliyat ko‘rsatmoqda – Moskvada ikkita va Novosibirskda bitta. Yaqin vaqt ichida Rossiyaning turli hududlarida yana bir nechta shunday savdo uylarini tashkil qilish rejalashtirilgan.
“Biz birinchi savdo uylarini joylashtirish uchun bekorga Moskva va Novosibirskni tanlamadik. Poytaxt – bu savdo markazi. Bu yerda barcha yirik ulgurji savdo kompaniyalari ofislari joylashgan. Moskva orqali Boltiq bo‘yi va Skandinaviya mamlakatlariga chiqish ham qulay. Novosibirskdagi savdo uyi Rossiyaning markaziy qismi va Uzoq Sharq hududi uchun barpo qilingan. Keyinchalik biz bu yo‘nalishni faol ravishda rivojlantiramiz”, — deydi manba.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 2014 yilda ikki mamlakat munosabatlarida uyg‘onish davri bo‘ldi. Sabzavot mahsulotlari hajmida o‘sish kuzatildi, ko‘plab muzokaralar o‘tkazildi va hamkorlar bir-birini o‘rganishdi. Rossiyaliklar O‘zbekistonga kelishdi va mahsulot sifatini bog‘ va dalalarda turib tekgshirishdi. Shuningdek, vakillar mahsulotlarni saqlash va logistika tizimini o‘rganishdi. 2016 yilning birinchi oylarida esa Rossiyaga mahsulot yetkizib berish borasida yangi shartnomalar tuzildi.
“Bugun bizning savdo uylarimizga, O‘zbekiston mahsulotining sifatini ko‘rgan va katta hajmda sotib olishga tayyor bo‘lgan ko‘plab mijozlar kelishmoqda. Sotib olinayotgan mahsulot hajmi 5 tonnadan 20 ming tonnagachani tashkil qilmoqda. Olma, olxo‘ri, olcha, gilos va boshqa mevalar eng ko‘p talabga ega bo‘lib turibdi. Qovunga ham alohida talab mavjud. Mijozlar talabiga javob berish uchun biz G‘uzorda 200 gektarlik alohida eksperimental plantatsiya ochdik. Talab ko‘p bo‘lgani uchun joriy yillda biz uning maydonini 400 gektargacha ko‘paytiramiz”, — deydi vakil.
"O‘zulgurjisavdoinvest" bir vaqtning o‘zida Xitoy va Hindistonda ham shunday savdo uylari ochish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.
O‘tgan yilda O‘zbekistonda 12,5 mln tonna sabzavot va kartoshka mahsulotlari, 1,8 mln tonna poliz mahsulotlari, 1,5 mln tonna uzum hamda 2,73 mln tonna meva yetishtirilgandi.